O‘zbekiston

O‘zbekiston import bojlari stavkalarini 2 karra oshirib qo‘llash amaliyotini bekor qilmoqchi

Deputatlar qonunchilikni JST qoidalariga muvofiqlashtiruvchi yangi qonun loyihasini qabul qildi.

O‘zbekiston import bojlari stavkalarini 2 karra oshirib qo‘llash amaliyotini bekor qilmoqchi

O‘zbekistonda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Qonun loyihasi bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng qulay davlat rejimiga ega boʻlmagan yoki ishlab chiqarilgan mamlakati koʻrsatilmagan mamlakatlardan Oʻzbekistonga olib kirilayotgan tovarlarga import boji stavkasini ikki baravar oshirish amaliyotini bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Xalq vakillari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mazkur hujjat iqtisodiyotga xorijiy sarmoyani keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qonunchilikdagi kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilayotganini ta’kidladi, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi milliy qonunchilikni JST qoidalariga muvofiqlashtirish, shuningdek, import va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi. Deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildilar.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarning bir qismini yakunladi . Prezidentning maxsus vakili muzokaralarni “samarali” deb atadi.

Izohlar

Mavzuga oid