O‘zbekiston hududlarida chigirtkalar hujumi qayd etildi — video
Vakolatli organlar tezkorlik bilan hududlarni hasharotlardan tozalamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning bir necha hududlarida chigirtkalar hujumiga oid videolar tarqaldi. Guvohlar ko‘chalarda hasharotlar tom ma’noda g‘ujg‘on o‘ynab, hamma narsani, jumladan, odamlarni ham o‘rab olgani aks etgan videolarni e’lon qilishdi. Holat yuzasidan Sanitariya nazorati agentligi izoh berdi.
Organ chigirtkalarning bunday ommaviy tarqalishiga tabiiy sharoitlar: havo haroratining keskin o‘zgarishi va yog‘ingarchilik sabab bo‘lganini ta’kidladi. O‘zbekistonda chigirtkalar mavsumi janubiy viloyatlardan boshlanib, Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘istonda tugaydi.
Shu bilan birga, ba’zi hududlarda chigirtkalar qanot chiqaradigan, uchadigan va tabiiy ravishda nobud bo‘ladigan davrga yetdi. Bu davrda hasharotlar kechasi yorug‘ joylarda to‘planadi. Bu esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini vahimaga solmoqda.
“Aksariyat tasvirlardagi chigirtkalar saksovul chigirtkasi bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazmaydi. Biroq, saksovulzorlarni saqlab qolish uchun ushbu turdagi mahsuldor zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlov beriladi”, — deyiladi xabarda.
Agentlikning ma’lum qilishicha, Jizzax viloyatining Zomin tumanida ishlov berish 11-iyun kuni o‘tkazilgan. Hozircha chigirtkalar yo‘q qilingan, hudud toza.
Shuningdek, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi hududida chigirtkalar paydo bo‘lgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, obyekt atrofida to‘siqli himoya qo‘llanilgan, keyinchalik kimyoviy ishlov berilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Zarafshon shahridagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida chigirtkalar paydo bo‘lgani tasvirlari ham tarqalmoqda. Ushbu holat zudlik bilan joyiga chiqib o‘rganildi va chigirtkalar yo‘q qilindi.
Agentlikning qayd etishicha, joriy yilda O‘zbekistonda chigirtkalar soni sezilarli darajada oshgan. O‘tgan yili 580 ming gektardan ziyod maydonda kimyoviy ishlov berish rejalashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 608 ming gektarga yetadi.
Izohlar