25 Iyul 2024, 18:45 Oʻzbekiston

O‘zbekiston eng xavfsiz mamlakat sifatida qayd etildi

Safety Perception Index O‘zbekistonni xorijiy sayyohlar uchun eng xavfsiz mamlakat deb eʼlon qildi.

O‘zbekiston eng xavfsiz mamlakat sifatida qayd etildi

Safety Perception Index tadqiqot manbasi 2023-yil uchun eʼlon qilgan hisobotida O‘zbekistonni xalqaro tashrif buyuruvchilar uchun eng xavfsiz davlat sifatida ko‘rsatgan. Bu haqda mustaqil tadqiqot organining saytida eʼlon qilingan hujjatda aytiladi.

Reytingda eng xavfsiz mamlakatlar deya mos tartibda O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Norvegiya qayd etilgan. Ushbu to‘rt mamlakat “yashil” daraja bilan belgilangan, fuqarolar hayoti va sayohat qilishi uchun xavf darajasi minimal ekani aytilgan.

Reytingning eng quyi qismini Kamerun, Gabon, Braziliya, Mozambik, Kongo, Gvineya, Syerra-Leone va Mali kabi davlatlar egallagan. Reyting bu mamlakatlarga “to‘q qizil” daraja bergan va sayohat uchun eng xavfli hududlar deya belgilagan.

Maʼlumot o‘rnida, Safety Perception Index xavfsizlik darajasini belgilashda asosan beshta faktorga eʼtibor qaratadi: oziq-ovqat va suv, zo‘ravonlik jinoyatlari, noqulay ob-havo sharoiti, aqliy sog‘lomlik hamda mehnat muassasalaridagi xavfsizlik. Ushbu omillar mamlakatlarning xavfsizlik reytingi uchun asos bo‘ladigan obrazni ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Manbada aytilishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda qonun va politsiya tartiboti kuchaygan, iqtisodiy omillar va hukumat choralari tufayli jinoyatchilik va ijtimoiy xavflar pasaygan.

Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va O‘rta Sharq mintaqalarida esa harbiy inqiroz, aholi hayoti uchun xavf darajasi va qurolli zo‘ravonliklar kuchaygan. Buning oqibatida bu mintaqa mamlakatlarining indeksi o‘rtacha meʼyordan pastga tushgan.

Mashhur yangiliklar