O‘zbekiston eksporti texnologik jihatdan murakkablashmoqda — MHTI
Mutaxassislar so‘nggi yetti yil ichida bu sohada ro‘y bergan o‘zgarishlarni o‘rganib chiqdi.

2017-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston eksporti texnologik jihatdan murakkablashib bormoqda. Bu haqda NOVA24’ga MHTI xabar berdi.
UNCTAD metodologiyasiga ko‘ra, eksport mahsulotlari texnologik murakkabligi va qayta ishlash darajasiga qarab quyidagi oltita toifaga bo‘linadi:
- past texnologiyali mahsulotlar (gazlamalar, tayyor kiyim-kechak, plastmassa buyumlar, mebel, charm va yog‘ochdan tayyorlangan buyumlar);
- o‘rtacha texnologik mahsulotlar (kimyo sanoati, polimerlar, o‘g‘itlar, dvigatellar, mashinalar, maishiy texnika, avtomobil komponentlari va qishloq xo‘jaligi texnikasi);
- yuqori texnologiyali mahsulotlar (elektronika, elektrotexnika, tibbiyot asbob-uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari, aerokosmik texnika va o‘lchov asboblari);
- qayta ishlangan xomashyo asosidagi mahsulotlar (o‘simlik yog‘i, tamaki mahsulotlari, sharbatlar, yog‘och mahsulotlari, ruda, neft mahsulotlari, kimyoviy xomashyo va metallar);
- xomashyo (paxta tolasi, xom neft, tabiiy gaz, tozalanmagan rudalar, sabzavotlar, mevalar, oltin va boshqa yer osti boyliklari);
- tasniflanmagan tovarlar (maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan tovarlar, oltin (nomonetar), xizmatlar, elektr energiyasi yoki harbiy mahsulotlar).
Tahlil natijalariga ko‘ra, xomashyo ulushi ikki barobarga kamaygan. 2017-yilda xomashyoning eksportdagi ulushi 36,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 17,3 foizgacha pasayadi. 2024-yilda xomashyo eksportida mis (30,96 foiz), sabzavotlar (18,6 foiz), meva va yong‘oqlar (15,8 foiz), tabiiy gaz (13,16 foiz), shuningdek, kumush, platina va boshqa qimmatbaho metallar (5,7 foiz) yetakchi o‘rinlarni egalladi.
Tabiiy resurslarni qayta ishlash mahsulotlarining ulushi ikki baravar oshdi. 2017-yilda ushbu toifaning eksportdagi ulushi 3,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 8,4 foizga yetdi. Yetakchi o‘rinlarni mineral mahsulotlar (13,96%), neft mahsulotlari (13,73%), sement va qurilish materiallari (13,39%), bug‘doy va meslin uni (11,67%), shuningdek, noorganik kislotalarning metall tuzlari va peroksid tuzlari (6,97%) egalladi.
Eksport tarkibida past texnologiyali mahsulotlar ulushi 14,2 foizdan 17,1 foizga oshdi va tarkibi ham sezilarli darajada murakkablashdi. To‘qimachilik iplari (37,1%), to‘qimachilik mahsulotlaridan tayyor kiyimlar (13,1%), trikotaj va trikotaj matolar (8,1%), tayyor to‘qimachilik mahsulotlari (6,3%), ip gazlamalar (4,4%) asosiy ulushni egalladi.
O‘rta texnologiyali mahsulotlar eksportining umumiy ulushi 8% atrofida barqaror bo‘lib qolmoqda, tarkibi esa murakkablashib bormoqda. Asosiy ulushni o‘g‘itlar (19,1%) va avtomobil qismlari va ehtiyot qismlari (18,6%), polietilen (12,3%), ichki yonuv dvigatellari (8,8%) va maishiy texnika (6,7%) egallaydi.
Tovarlar eksportining umumiy hajmida yuqori texnologiyali mahsulotlarning ulushi 2017-yildagi 0,5 foizdan 2024-yilga kelib 1,5 foizgacha oshdi va o‘sish 3 barobarni tashkil etdi. Asosiy ulushni televizorlar va televizion apparatura (14,6%), aylanuvchi elektr uskunalari (14,2%), elektr uskunalari va apparatlari (10,8%), elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi mashinalar va ularning qismlari (9,7%) egallaydi.
“Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, eksportning texnologik tarkibi sifat jihatidan murakkablashmoqda, xomashyo eksportidan tayyor mahsulotga o‘tish tezlashmoqda, past va o‘rta texnologiyali mahsulotlar tarkibida chuqur qayta ishlash ko‘paymoqda, yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti barqaror o‘sib bormoqda. Eksportning texnologik tarkibidagi ijobiy o‘zgarishlar mamlakat sanoat salohiyatining o‘sishi va xalqaro bozorda raqobatbardoshlikning oshishidan dalolat beradi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning eksport bo‘yicha asosiy hamkor davlatlari sanab o‘tilgandi. 2024-yilda yetakchi bo‘lgan Rossiya ikkinchi o‘ringa tushib ketgan.
Izohlar