Oʻzbekiston BMT Xavfsizlik kengashining vaqtinchalik aʼzoligiga oʻz nomzodini ilgari surdi
Oʻzbekiston BMT Xavfsizlik kengashining yigʻilishida kengashning 2035−2036-yillar uchun doimiy boʻlmagan aʼzoligiga oʻz nomzodini ilgari surdi.

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulug‘bek Lapasov Xitoy raisligida BMT Xavfsizlik kengashining ko‘p tomonlama va global boshqaruv institutlarini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’ruza bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Yig‘ilishda O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashining 2035−2036-yillar uchun doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surdi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro hamkorlikning eng ustuvor masalalari bo‘yicha rasmiy pozitsiyasi xalqaro hamjamiyatga yetkazildi. O‘zbekistonning ko‘p qirrali, global boshqaruvni mustahkamlash va takomillashtirish tarafdori ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik muhimligi va Afg‘onistonni iqtisodiy tiklashdan manfaatdor ekani qayd etildi.
Mamlakat transmilliy tahdidlarga, jumladan, giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishi, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda BMT bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligi tasdiqlandi.
Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish maqsadida o‘rmonlar barpo etish, suvni tejash, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, Orolbo‘yida barqaror rivojlanishni xalqaro qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
A’zo davlatlar 2025-yil iyun oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning “Besh yil — 2030-yilgacha: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni jadallashtirish” mavzusidagi davlat xizmatlari forumiga taklif qilindi.
Мавзуга оид хабарлар:
Soʻnggi yangiliklar







