O‘zbekiston Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyot qaytarilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi
Tashqi ishlar vazirligi mamlakat pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qildi.

Avvalroq Afghanistan International nashri manbalarga tayanib, O‘zbekiston 2021-yilda sobiq tuzum qulaganidan keyin mamlakatdan olib chiqib ketilgan 57 ta harbiy vertolyotni Afg‘onistonga qaytarishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergandi. Keyinroq bu ma’lumotni Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakili Zabihulla Mujohidning so‘zlaridan iqtibos keltirgan The Kabul Times nashri tasdiqladi.
Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, texnikaning qaytarilishi “Afg‘onistonning aviatsiya salohiyatini tiklash va ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam” bo‘ladi.
Biroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu xabarlarni rad etdi.
Bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda, tarqalayotgan yangiliklar esa feykdir, — deya ta’kidladi TIV matbuot kotibi Ahror Burxonov.
Avvalroq toliblar O‘zbekistondan vertolyotlarni qaytarishni bir necha bor so‘ragandi. Ayrim tahlilchilarning fikricha, toliblar hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaguncha vertolyotlarni qo‘lga kiritishning iloji bo‘lmaydi.
Vertolyotlarga kelsak, bu vertolyotlarning hujjatlari Afg‘onistonga aloqadorligiga ishonchim komil emas. Ikkinchi muammo — hech bir davlat tomonidan tan olinmagan Tolibon hukumati muammosi, — dedi sobiq afg‘on diplomati Fahim Kohdamoniy.
2022-yil yanvar oyida Pentagon vakili Jon Kirbi 2021-yil avgust oyida afg‘on harbiylari tomonidan O‘zbekiston va Tojikistonga olib ketilgan samolyotlar Afg‘onistonga qaytarilmasligini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” O‘zbekistondan afg‘on vertolyotlarini qaytarishni talab qilgandi. Mudofaa vazirining qayd etishicha, aks holda O‘zbekiston salbiy oqibatlarga duch keladi.
2021-yil 16-avgust kuni Bosh prokuratura Afg‘onistonning 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchisi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot O‘zbekistonga noqonuniy uchib kelganini ma’lum qildi.
Avvalroq Afg‘onistondan O‘zbekistonga kelgan vertolyotlarning bir qismi AQShga qaytarilgani haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, Amerika aviatexnikalarining katta qismi hali ham respublikada qolmoqda.
Izohlar