14 Aprel 2025, 15:54 Oʻzbekiston

Oʻzbekiston Afgʻoniston zaminida paxta va sabzavot yetishtirmoqchi

Mamlakatlar qoʻshma loyihalarda yangi yondashuvlardan foydalanmoqchi.

Oʻzbekiston Afgʻoniston zaminida paxta va sabzavot yetishtirmoqchi

Oʻzbekiston va Afgʻoniston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi, deb xabar bermoqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumotlarga koʻra, tomonlar ushbu sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish masalalarini muhokama qilgan. Uchrashuvda qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jamshid Abduzuhurov, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev va Afgʻoniston ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Mulla Abdulha Hamkor hamda mamlakat energetika va suv resurslari vaziri oʻrinbosari Mavlaviy Mujib ur-Rahmon Oxunzoda ishtirok etdi.

Ikki mamlakat vakillari oʻzaro hamkorlik, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasida rivojlanayotganini, shuningdek, tizimli tajriba almashish va soha mutaxassislarini qayta tayyorlash borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholab, Afgʻoniston yerlarida xorijiy texnologiyalar asosida paxta, kartoshka, pomidor, sabzi va boshqa ekinlarni yetishtirish, hosildorlikni oshirish va daromad manbai yaratish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar chorvachilik sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, irrigatsiya tizimini takomillashtirish boʻyicha tajriba almashish, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish masalalarini muhokama qildilar. Oʻzbekiston tomoni Afgʻonistonga agrotexnik amaliyotni tizimli yoʻlga qoʻyishda zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat vakillari Afgʻoniston tomoni tasarrufidagi yerlarda bogʻdorchilik, sholichilik va urugʻchilikni rivojlantirish boʻyicha fikr almashdi. Afgʻoniston vakillari, oʻz navbatida, hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Mashhur yangiliklar