O‘zbekiston 26 mamlakatga 9 turdagi qurilish mahsulotlari eksporti hajmini oshirishi mumkin
Mutasaddilarga yaqin yillarda loyihalar portfelini 3,5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Muhokama chog‘ida so‘nggi sakkiz yil ichida mamlakat aholisi 6 million kishiga ko‘paygani ta’kidlandi. Shunga mutanosib ravishda yangi uy-joylar, yo‘llar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurish ko‘lami kengaymoqda. Shu vaqt ichida 210 million kvadrat metr turar va noturar joy binolari foydalanishga topshirildi. 565 ming xonadonli uy-joylar qurildi, bu avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘pdir.
Qurilish materiallari sanoati uchun ham katta imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi. Uning hajmi so‘nggi sakkiz yilda 4 barobarga oshib, joriy yilda 53 trillion so‘mga, eksport esa 1,1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Mutasaddilar bu tarmoq ilgari sanoati bo‘lmagan Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlarida ish o‘rni va daromad manbai bo‘lgan drayverga aylanganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, tarmoqda mahsulot sifati va standartlarga rioya qilish, logistika va yangi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, PVX quvurlar, fitinglar, qoplama tosh va qurilish oynasi ishlab chiqaruvchi yirik mahalliy korxonalar mavjud bo‘lishiga qaramay, 2024-yilda ushbu mahsulotlar katta hajmda import qilingani qayd etildi.
Ushbu muammolarni hal qilish uchun tarmoqda umumiy qiymati 2,4 milliard dollarlik 112 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 13,5 mingta ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Bundan tashqari, hukumat 110 million dollarlik yana 5 ta strategik ahamiyatga ega yirik loyihani amalga oshirmoqchi. Mutasaddilarga yaqin yillarda loyihalar portfelini 3,5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Prezident bunday loyihalar har bir viloyat va tumanning mavjud resurslari, xomashyo bazasi va logistika imkoniyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqilishi kerakligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, qo‘shni davlatlarda 4 milliard dollardan ziyod qurilish materiallari bozori bor. Bundan tashqari, 9 turdagi mahsulot bo‘yicha 26 ta davlatga eksport hajmini oshirish imkoniyati mavjud.
Mutasaddilarga hudud va tarmoqlardagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solib, tashqi bozorlarga chiqishni faollashtirish, eksportbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori ostin-ustun bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Ipoteka, ommaviy renovatsiya va qurilishlar hajmini 10 barobarga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Izohlar