O‘zbekiston

O‘zbek kartoshkasi Yevropa darajasidagi mahsulotga aylanadi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi vengriyalik hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbek kartoshkasi Yevropa darajasidagi mahsulotga aylanadi

O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatda kartoshka yetishtirishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni muhokama qildi, deb xabar beradi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Prezidentning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Budapeshtda bo‘lib turibdi. Tashrif davomida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, vazirning Vengriya tabiiy fanlar va qishloq xo‘jaligi universiteti professori, o‘z sohasining xalqaro miqyosda tan olingan eksperti Jolt Polgar bilan uchrashuvida O‘zbekistonda kartoshkachilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda Kartoshkachilik markazini rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, ilm-fan va amaliyot sintezi tufayli ochilayotgan imkoniyatlar batafsil ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Vengriyaning “Potato Innovation LTD” kompaniyasi rahbari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda kartoshkachilikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Xususan, kartoshkaning elita navlarini yetishtirish bo‘yicha qo‘shma faoliyatni yo‘lga qo‘yish, seleksiya va urug‘chilik tizimini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish, shuningdek, O‘zbekistonda “Kartoshkachilik korporatsiyasi”ni tashkil etish bo‘yicha tashabbuslar muhokama qilindi.

Vengriyaning bu boradagi boy tajribasi va innovasion yondashuvlari O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim ekani alohida ta’kidlandi.

Hamkorlikni chuqurlashtirish, ilg‘or texnologiyalar va bilimlarni jalb qilish mamlakatda kartoshkachilik salohiyatini oshirishning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi.

Avvalroq tadbirkorlarga meva-sabzavotlarning zamonaviy qadoqlaridan foydalanganlik uchun imtiyozlar berilishi haqida xabar berilgandi. Mamlakatga ekish, yig‘ish va saralash uskunalarini 1 foizlik bojxona stavkasi bo‘yicha olib kirish mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Mavzuga oid