27 Dekabr 2024, 08:56 Oʻzbekiston

Yil davomida 1,4 trln so‘mlik energoresurslardan noqonuniy foydalanildi

2024-yil davomida 8289 ta holatda elektr va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

Yil davomida 1,4 trln so‘mlik energoresurslardan noqonuniy foydalanildi

2024-yildagi nazorat tadbirlarida tabiiy gaz va elektrdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 8289 ta holat aniqlandi. Ularda 1 trillion 409 milliard so‘m zarar yetkazildi, deb “O‘zenergoinspeksiya” tahlil natijalarini ochiqladi.

Xususan, elektr energiyasi bo‘yicha 730,1 mlrd so‘m (91 ta mayning, 184 ta AGTKSh, 1 422 ta suv nasosi) talon-toroj qilingan, tabiiy gaz bo‘yicha — 679,1 mlrd so‘m (57 ta AGTKSh, 64 ta issiqxona, 5 ta oxak sexi).

O‘rganishlar davomida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan 51 ta AGTKSh litsenziyasi bekor qilindi.

Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 9084 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi.

Neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida AYQSh va korxonalardan olingan tahlil na’munalaridan 189 ta holatda 5 mln 348 ming litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishining oldi olindi.

Quvvati 50 kV va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarga berilgan ko‘rsatmalar davomida 25 ming 730 ta iste’molchiga reaktiv energiyasini kompensatsiya qilish bo‘yicha qurilmalarni o‘rnatilishi ta’minlandi. Buning natijasida o‘tgan yilga nisbatan 26 ta podstansiya va 671 ta tarmoqlarda quvvat koeffitsiyenti ko‘tarildi.

Bundan tashqari, berilgan ko‘rsatmalarni bajarmagan 1523 ta iste’molchiga ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Mashhur yangiliklar