Nukus davlat texnika universiteti tashkil etiladi
Universitetga xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlat reytingida birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturlari asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish huquqi beriladi.

“Nukus davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali negizida Nukus davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Hujjatda qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida muhandislik sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyor;ash, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, o‘qitish usuli va shakllarini takomillashtirish, ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali ta’lim sifatini oshirish maqsad qilingan.
Sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi.
2025/2026-o‘quv yiligacha universitetda tajriba-ishlab chiqarish (spin-off) korxonasi tashkil etiladi.
Universitetga xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlat reytingida birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturlari asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish huquqi beriladi.
2025/2026-o‘quv yilidan universitet talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi joriy etiladi.
Amudaryo muhandislik-texnologiyalar texnikumida muhandislik sohalaridagi kasblar bo‘yicha kasbiy ta’lim dasturlarida to‘liq davlat granti asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Hozirda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini universitetda davom ettiradi va bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda universitet diplomi beriladi.
Мавзуга оид хабарлар:
O‘zbekistondagi uchta OTM dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingiga kiritildi Farg‘onadagi ayrim oliygohlar birlashtirilib, yangi universitet tashkil etiladi Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi Namanganda ham yangi universitet ochilmoqda Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etiladi
Soʻnggi yangiliklar







