O‘zbekiston

Navoiyda ekologik me’yorlarni buzganlik uchun o‘nlab korxonalar faoliyati to‘xtatildi

Shuningdek, mutaxassislar o‘zboshimchalik bilan qurilgan yuzga yaqin ohak pechini demontaj qilishdi.

Navoiy viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilib, sanoat korxonalari va ohak pechlari faoliyati o‘rganildi, natijada ulardan ikkitasi ekologik talablarni buzgani uchun faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar beradi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan Navoiy shahri va Karmana tumanida joylashgan I va II toifali korxonalar hamda ohak pechlari faoliyati o‘rganilgan. Nazorat tadbirlari doirasida 22 ta sanoat korxonasi ekologik talablarni buzgan holda faoliyat yuritayotgani aniqlandi.

Shu munosabat bilan tartib posbonlari ularning faoliyatini to‘xtatdi, shuningdek, 25 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari tomonidan atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yana 22 ta korxona va sex faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, ularning 19 tasi qanoatlantirilgan.

Xususan, Navoiy viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati qarori bilan “Navoiyazot”ning 23-ammiak sexi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bundan tashqari, Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan “Sogda Kimyo Zavod”ning uchta sexi faoliyati ham vaqtincha to‘xtatilgan.

Shuningdek, reyd davomida tartib posbonlari tomonidan 92 ta noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan qurilgan ohak o‘choqlari aniqlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida mutaxassislar tomonidan to‘liq buzib tashlangan. Ayni paytda huquq-tartibot idoralari xodimlari reyd tadbirlarini davom ettirmoqda.

Avvalroq Navoiyda atmosfera havosining ifloslanishi sabablarini o‘rganish va ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish boshlangani, davlat ekologik ekspertizasi xulosasisiz ishlayotgan bir qator korxonalar faoliyati to‘xtatilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, mutaxassislar noqonuniy ravishda ohak ishlab chiqarib, havoni ifloslantirgan 24 nafar fuqaroni jarimaga tortdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная