8 Avgust 2024, 11:35 Oʻzbekiston

Navoiyda aliment to‘lashdan qochib yurgan ota choyxonadan topildi

U ikki farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagani uchun 3 oy oldin qidiruvga berilgan bo‘lgan.

Navoiyda aliment to‘lashdan qochib yurgan ota choyxonadan topildi

Navoiyda farzandlari uchun aliment to‘lamasdan qochib yurgan ota choyxonadan topildi. Bu haqda Navoiy viloyati MIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, MIBning Navbahor tuman bo‘limi ish yurituvida qarzdor U.O‘.dan undiruvchi M.T.ning foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish haqidagi ijro hujjati bo‘lgan. Ammo U.O‘. jami 18 mln so‘mdan ortiq aliment pulini o‘z vaqtida to‘lamasdan, yashirinib yurgan. Oqibatda 3 oy oldin unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qarzdor U.O‘. Navoiy shahridagi choyxonada spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirganida ushlangan. Unga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudga yuborilgan.

Sud qarori bilan qarzdorga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.

Qayd etilishicha, hozirda Navoiy viloyatida aliment to‘lamasdan qochib yurgan 63 nafar qarzdorni topish choralari ko‘rilmoqda. Ularning 24 nafari respublikaning turli hududlarida yashirinib yurgani, 39 nafari esa chet davlatga chiqib ketgani aniqlangan.

Mashhur yangiliklar