20 Iyul 2024, 11:36 Oʻzbekiston

Namangandagi 10 ta tuman hokimlari raqobatga zid qarorlar imzolagani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi ushbu qarorlar qonun talablariga muvofiqlashtirilganini hamda tuman hokimliklari ogohlantirilganini ma’lum qildi.

Namangandagi 10 ta tuman hokimlari raqobatga zid qarorlar imzolagani aniqlandi

Namangan viloyatidagi 10 ta tuman hokimliklari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarda qonun talablariga zid holatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi.

Qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024-yilning birinchi yarmi mobaynida 10 ta tuman hokimliklarida “Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari ijrosi yuzasidan jami 4214 ta normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan.

Mazkur o‘rganishlar jarayonida Mingbuloq, Kosonsoy, Pop, Norin, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Chust, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumani hokimliklarida tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keluvchi jami 12 ta qaror qabul qilingani ma’lum bo‘lgan.

Buning oqibatida “Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 22-moddasi (Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishini hamda harakatlar amalga oshirilishini (harakatsizlikni) taqiqlash) talablari buzilgan.

Ushbu qarorlar qonun talablariga muvofiqlashtirildi hamda tuman hokimliklariga qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritildi, deyiladi qo‘mita xabarida.

Mashhur yangiliklar