Namanganda kadastr bo‘limi boshlig‘i 5 yilga qamaldi
Kadastr agentligi To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i poraxo‘rlikda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilindi. U porani to‘yona ko‘rinishida olgan.
Kadastr agentligi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Jobir Mahmudov ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmida keltirilishicha, Jobir Mahmudov yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab, foydalanib kelgan fuqaroga unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan holda 51 mln so‘m jarima qo‘llanishini bildirgan. Fuqaro 2024 yil 21 avgust kuni Kadastr agentligi To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limiga kelib, Jobir Mahmudov bilan uchrashgan hamda 51 mln so‘m ma’muriy jarima qo‘llamaslikni so‘ragan. U tomorqasining yer uchastkasiga tegishli hujjatlarini rasmiylashtirayotganini, tez orada ularni taqdim etishini aytgan.
Jobir Mahmudov esa bir xodimining to‘yi bo‘layotganini aytib, fuqarodan noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgani uchun ish qo‘zg‘atmaslik evaziga to‘yona berishini talab qilgan. Fuqaro farzandlariga o‘quv qurollari olish uchun bir tanishidan 100 dollar qarz ko‘targanini, shu mablag‘ni berishini, boshqa puli yo‘qligini ma’lum qilgan. Bo‘lim boshlig‘i tamagirlik yo‘li bilan yana 300 dollar “to‘yona” so‘ragan.
2024 yil 22 avgust kuni fuqaroning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Jobir Mahmudov To‘raqo‘rg‘on tumani Oqtosh mahallasi hududida o‘zining Lacetti mashinasida 300 dollarni pora tariqasida olgan.
So‘ngra mashinasini harakatlantirib, IIB xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, 300 dollarni mashina oynasidan uloqtirganicha voqea joyidan qochgan. Ammo u pulni olgani Namangan viloyat IIB EKBning xulosasi bilan tasdig‘ini topgan.
Jobir Mahmudov sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.
Sud hukmi bilan Jobir Mahmudov Jinoyat kodeksi 210-moddasi 2-qismining “v” bandida (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan Kadastr agentligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Мавзуга оид хабарлар:
Namanganda yo‘l o‘rtasiga ko‘p yillik chinor qulab tushdi Namangandagi zapravkada Niva yonib ketdi Namanganda JAC pikapi yonib ketdi Namanganda sex 2,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi “Toshkent viloyati suv taʼminoti” mutaxassisi pora bilan ushlandi