Namanganda 2,3 mlrd soʻmlik elektrdan noqonuniy foydalangan korxona masʼuli qoʻlga olindi
Norin tumanida oʻzboshimchalik bilan elektr tarmogʻiga ulangan korxona tizimga 2,3 mlrd soʻmlik zarar yetkazdi. Holat boʻyicha jinoiy ish ochilib, korxonaning norasmiy rahbari protsessual tartibda ushlandi.
Hududlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida oʻzboshimchalik bilan elektr tarmogʻiga ulanib olgan korxona va fermer xoʻjaliklari aniqlandi, deya xabar bermoqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi.
Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyati Norin tumanidagi “B.M.F.” MCHJ norasmiy rahbari Sh. U. gʻisht ishlab chiqarish sexidagi uskunalarni tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab olgan. Buning oqibatida 2 milliard 365 million soʻmlik (2 mln 128 ming kVt-soat) elektr energiyasini oʻgʻirlagan.
Holat yuzasidan korxona norasmiy rahbari Sh. U. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (Oʻgʻrilik), 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Shuningdek, Yangiqoʻrgʻon va Chortoq tumanlarida “I.N.” va “Q.A.” fermer xoʻjaligi masʼul shaxslari yer maydonini sugʻorish uchun oʻrnatilgan suv inshootlarini tijorat maqsadida oʻzboshimchalik bilan elektr tarmoqlariga ulagan. Natijada 203,9 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Shu kabi holat Samarqand viloyati Bulungʻur va Jomboy tumanlarida tadbirkor D.A., “S.B.” va “T.S.H.” fermer xoʻjaliklari tomonidan ham sodir etilgan. Jami 245 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Mazkur holatlar yuzasidan ham yuqoridagi modda boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda, deyiladi xabarda.
Мавзуга оид хабарлар:
Jizzaxda fermer xo‘jaliklari 745 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi Elektr energiyasini hisoblash boʻyicha yangi billing tizimi 1-avgustdan ishga tushiriladi Senat yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunni maʼqulladi HET elektr isteʼmoli uchun ijtimoiy normani hisoblash tartibini tushuntirdi Olti oyda 550 mlrd so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalanildi