Namangan va Andijonda 3 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanildi
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlarda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda.
Namangan va Andijon viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati.
Tashkilotning Chust tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Ch.Sh.” MChJ mas’ullari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish binosida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlandi. Ular jami 2,1 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Bundan tashqari, departamentning Andijon shahri bo‘limi va “O‘zenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda B.b. nodavlat ta’lim muassasasi mas’ul shaxslari qo‘lga tushdi. Ular ta’lim muassasasi binosini elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida shartnomasiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, jami 892,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.