O‘zbekiston

Mirziyoyev Trampning taklifiga binoan AQShga jo‘nab ketdi

Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilari sammitida ishtirok etadi

Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampning taklifiga ko‘ra ish tashrifi bilan Vashingtonga jo‘nab ketdi, deb xabar qilmoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida ishtirok etdi. Doha shahrida mamlakat yetakchisi Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan ham muzokara o‘tkazdi. Prezidentni aeroportga Bosh vazir o‘rinbosari Shayx Saud bin Abdurahmon Ol Soniy kuzatib qo‘ydi.

Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Vashingtonga jo‘nab ketdi, u yerda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etadi. Davlat rahbari Donald Tramp, Kongress Senati va Vakillar palatasi vakillari, shuningdek, AQSH vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning AQSH bilan mintaqalararo hamkorligini chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirlar yakunida qator ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgandi. Yangi chora 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная