Mirziyoyev Trampning maxsus vakilini qabul qildi — asosiylar
AQSH prezidenti O‘zbekiston rahbarini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan AQSH prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampollini qabul qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakili davlatimiz rahbariga Donald Trampning O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy salomi va tabriklarini yetkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
Turli darajalarda samarali muloqotlar davom etayotgani ta’kidlandi. Ikki mamlakat vakillari konstruktiv siyosiy muloqot qanday rivojlanayotgani, faol parlamentlararo almashinuvlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar. Xususan, o‘tgan oyda Kongressda O‘zbekiston kuni doirasidagi tadbirlar o‘tkazildi, bu yil kuzda esa Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
AQSH an’anaviy ravishda O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkori hisoblanadi. 2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga ko‘paydi. Loyihalar portfeli 11 milliard dollardan oshgan. Joriy yil iyun oyida o‘tkazilgan Toshkent investitsiya forumida AQSHning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi.
Mineral resurslar, aviatsiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. «S5+1» formati doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhim ekani ta’kidlandi. Bo‘lajak muloqotlar va qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak muloqotlar va qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston TIV rahbari Trampning elchisi bilan ham uchrashgandi. Tomonlar aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.
Avvalroq O‘zbekiston Yevropa va AQSH bozorlariga kiyim-kechak eksportini oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi. Prezident Sent-Luis va Nyu-York shaharlarida ikkita savdo uyi ochish bo‘yicha topshiriq berdi.
Izohlar