Mirziyoyev Qatar amiri bilan telefonda suhbatlashib, Isroilning Dohaga bergan zarbasini qoraladi
Prezident O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekanini eslatdi.

Shavkat Mirziyoyev 12-sentyabr kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbari yaqinda Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoraladi. Qatar mustaqilligi va suverenitetini buzadigan, uning xavfsizligiga tahdid soladigan bunday nomaqbul xatti-harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, xalqaro huquqning asosiy qoida va tamoyillariga zid ekani qayd etildi.
O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston prezidenti Qatar tashabbusi bilan chaqirilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammitining muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi. Qatar Davlati amiri, o‘z navbatida, ko‘rsatilgan birdamlik va qo‘llab-quvvatlov uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Telefon muloqoti chog‘ida faol siyosiy aloqalarni davom ettirish va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 8-sentyabr kuni Isroil harbiy-havo kuchlari HAMAS rahbariyati yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan Doha turar-joy mavzesiga bir nechta raketa zarbalari bergandi. Donald Tramp Isroilning harakatlarini qoralab, operatsiyani to‘xtatishga uringanini, biroq HAMAS terrorchilarini yo‘q qilishni “munosib maqsad” deb bilishini ta’kidladi.
Izohlar