Milliy gvardiyaga o‘quvchilar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash vakolati berilmoqda
Senat qonunni ma’qullandi, hujjat prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.

25-yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.
2024-yil fevraldan ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlari Milliy gvardiya tuzilmasiga oʻtkazilgan. Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44 ming 450 ta holatda “Bolalarni tarbiyalash va ularga taʻlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik” (MJtK 47-moddasi) huquqbuzarligi aniqlanib, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali maʻmuriy jazo choralari qoʻllanilishini taʻminlagan. Shuningdek, ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari boʻyicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.
“Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab toʻgʻri kelmoqda. Oʻtgan yilda maktablardagi davomat koʻrsatkichi 50 foiz boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib bu koʻrsatkich 90-95 foizni tashkil qilmoqda.
Biroq inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan maʻmuriy jazo choralarini qoʻllash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, maʻmuriy jazo choralari qoʻllanilishi – inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy taʻsir koʻrsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab boʻlmoqda”, deydi senator Rustam Kalonov.
Shu sababli qonun bilan Milliy gvardiya va IIV vakolatlariga doir Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 248 hamda 248-1 moddalariga oʻzgartirish kiritilmoqda. Xususan, Milliy gvardiya organlari, shu jumladan uning voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlariga MJtKning 4 moddasi boʻyicha maʻmuriy ishlarni koʻrish vakolati berilmoqda:
- Bolalarni tarbiyalash va taʻlim berish borasida majburiyatlarini bajarmaslik (47-modda);
- Jamoat joylarida sigaret chekish (56-1-modda)
Jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini isteʻmol qilish (187-modda 1-qismi); - Voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish (188-modda) nazarda tutilgan maʻmuriy ishlarni koʻrib chiqish va jazo qoʻllash vakolati berilmoqda.
Shuningdek, bu vakolatlar IIV ning voyaga yetmaganlar boʻyicha inspektor-psixologlarning vakolatlaridan chiqarib tashlanishi nazarda tutilgan. Senatorlarga koʻra, qonun Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq keladi hamda budjetdan qoʻshimcha xarajatlar talab qilmaydi.
Senat qonunni maʻqullandi. Hujjat prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.
Мавзуга оид хабарлар:
Milliy gvardiyaga ma’muriy jazo qo‘llash vakolati berildi IIO tizimida ma’muriy konvoy guruhlari tashkil qilinadi Shahram G‘iyosov ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazgani uchun jarimaga tortildi Toshkentda bloger mototsiklda 310 km/soat tezlikda harakatlandi Andijonda maktab o‘quvchilari “qizil toifa”ga ajratildi
Soʻnggi yangiliklar







