Meta O‘zbekistonda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xodimlari Amerika kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Amerikaning Meta kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Istiqbolli loyihalar agentligi axborot xizmati.
Agentlikda Meta kompaniyasi (Facebook, Instagram, WhatsApp, Threads) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, reklama shaffofligi va firibgarlikning oldini olish, kontentni monetizatsiya qilish, shuningdek, raqamli kontent yaratuvchilarini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida raqamli platformalarni tartibga solish, foydalanuvchilarni himoya qilish va adolatli monetizatsiyani ta’minlash sohasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Meta O‘zbekistonning nomaqbul kontentni olib tashlash bo‘yicha so‘rovlarining 80 foizini ma’qullagan. Telegram va YouTube platformalari kamroq samarali javob berishdi.
Izohlar