
Malayziya Oʻzbekiston bilan dronlardan foydalanish xizmatlarini yoʻlga qoʻyishni istamoqda
Mamlakatlar uchuvchisiz uchoqlarni boshqarish boʻyicha oʻquv markazini ochishni rejalashtirmoqda.

Oʻzbekiston va Malayziya vakillari dronlar ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” nashri.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston elchisi Karomiddin Gʻadoyev Malayziyadagi eng yirik dron ishlab chiqaruvchi Aerodyne Group kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Kamarul Muhammad bilan uchrashdi.
Tomonlar kompaniyaning Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida dronlardan foydalangan holda xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Malayziya tomoni dastlabki bosqichda qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan dronlar xizmatini yoʻlga qoʻyishga, keyinchalik esa Oʻzbekiston sharoitiga mos keladigan zamonaviy dronlar va gibrid modellarni ishlab chiqarishga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Malayziya kompaniyasi rahbari dronlarni boshqarish boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlaydigan va ularning dasturiy taʼminotini oʻrganadigan qoʻshma oʻquv markazini ochishga qiziqish bildirdi.
Soʻnggi yangiliklar







