Maktab o‘quvchilarining sportga yaroqliligi o‘rganila boshlanadi
Bo‘lajak sportchilarni saralash uchun tibbiy ko‘riklar har yili o‘tkaziladi.

Vazirlar Mahkamasining “Maktab o‘quvchilarining fiziologik va antropometrik holatini baholash orqali ularni sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish va sportni ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror doirasida umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda ularning fiziologik va antropometrik (inson tanasining o‘lchamlari va proporsiyalari) holatini baholash hamda sport bilan shug‘ullanishga yo‘naltirish orqali o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishga yaroqliligini aniqlashning elektron tizimi yaratiladi.
2025-yil 15-avgustgacha:
- o‘quvchilarning fiziologik va antropometrik ko‘rsatkichlari asosida ularni sport seksiyalariga yo‘naltirish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan maxsus modul ishga tushiriladi;
- o‘quvchilar yiliga bir marta tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
2025-2026-o‘quv yilidan boshlab:
- maktab hamshiralari uchun bir yilda bir marta o‘quvchilarning fiziologik va antropometrik ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etiladi;
- sport maktablarining trenerlari har bir maktabda kamida bittadan yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha to‘garak tashkil etish maqsadida maktablardagi jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga biriktiriladi.
2025-yil 15-sentyabrga qadar tegishli dastur bo‘yicha sport turlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan birinchi o‘quvchilar sport maktablariga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, qaror doirasida maktab o‘quvchilari jismoniy ko‘rsatkichlari bo‘yicha sport turlari — yengil atletika, kurash, futbol, suzish yoki gimnastika tanlanadi.
Izohlar