Logistika, savdo, migratsiya: Mirziyoyev Vuchich bilan suhbatlashdi — asosiylar
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, davlatimiz rahbari hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini va O‘zbekiston-Serbiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O‘zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi, — dedi prezident.
Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm va ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratildi.
“Markaziy Osiyo — Bolqon” yangi transport yo‘nalishlarini, shu jumladan Transkaspiy yo‘lagi doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi. Uyushgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Bundan tashqari, muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Yetakchilar huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi, ular orasida:
- Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
- Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Tibbiy xizmatlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Muhandislik, ilg‘or texnologiyalar, sun’iy intellekt va turdosh sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan dastur;
- Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- Sport va jismoniy tarbiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Toshkent va Belgrad shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.
Izohlar