
Leapmotor sinovi xitoylik mutaxassislar ishtirokida qayta o‘tkaziladi
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi hozirda Leapmotor korxonasiga qo‘yilgan cheklov yuzasidan muzokaralar davom etayotganini bildirdi. Yaqin kunlarda Xitoy kompaniyasi mutaxassislari O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda Leapmotor brendiga tegishli yengil avtomobillar importiga qo‘yilgan cheklov qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Kun.uz’ga Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Inspeksiyaga ko‘ra, Leapmotor korxonasiga qo‘yilgan cheklov yuzasidan muzokaralar davom etmoqda. Yaqin kunlarda ushbu kompaniya mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Ular ishtirokida mahsulot sinovi qayta o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda Xitoyning Leapmotor brendi ostidagi yengil avtomobillarni sertifikatlash uchun arizalar qabuli to‘xtatilgani xabar qilingandi. Bunga shu brendga tegishli S16 avtomobilida aniqlangan kamchilik sabab sifatida keltirilgan.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining mazkur transport vositasida hosil bo‘ladigan elektromagnit shovqin darajasi ruxsat etilgan chegaradan 16 barobar yuqori ekanini ma’lum qilgan.
Soʻnggi yangiliklar







