O‘zbekiston

Kutib oluvchilar Toshkent aeroportining uchib kelish zaliga kirishi mumkin bo‘ladi

Havo bandargohida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi yakunlandi.

Kutib oluvchilar Toshkent aeroportining uchib kelish zaliga kirishi mumkin bo‘ladi

Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zalini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilishning birinchi bosqichi yakunlandi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Terminalning yangilangan o‘ng qismi allaqachon foydalanishga topshirilgan: uchib kelish zali kengaytirilgan, avtotransport va avtobuslar uchun yangi kirish yo‘lagi qurilgan, 120 o‘rinli avtoturargoh tashkil etilgan, shuningdek, yashil hudud yaratilgan.

Binoning old tomoni surilishi hisobiga uchib kelish zalining maydoni 2 100 kv.m.ga oshirildi. Natijada bojxona zonasi kengaytirildi, qo‘shimcha yuk karuseli o‘rnatildi, shuningdek, birinchi marta 120 kishiga mo‘ljallangan terminal ichida kutib oluvchilar uchun joy yaratildi.

“Bugun terminalning o‘ng qismini kengaytirish ishlari yakunlandi. Chap qismini rekonstruksiya qilish ertadan boshlanadi. Aeroport faoliyatini to‘xtata olmaganimiz uchun bosqichma-bosqich ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Noyabrdan iyungacha ob-havo sharoiti va yo‘lovchilar oqimi yuqori (kuniga 200 tagacha reys) bo‘lishiga qaramay qurilish ishlari uzluksiz amalga oshirildi. Vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz va sabr-toqat uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ishlarimiz natijasi poytaxtning barcha mehmonlarini xursand qilishiga ishonamiz”, — deya xabar berdi Uzbekistan Airports AJ qurilish boshqarmasi mutasaddilari.

Kutib olish zonasidan tashqari, uchib kelish zaliga qisqa muddatli kirish yo‘li ham ochilgan. Endi terminalga taksi va shaxsiy avtomobillarda, shuningdek, ruxsat etilgan to‘xtash vaqti 10 daqiqagacha bo‘lgan avtobuslarda — uchib ketish zonasiga o‘xshash tarzda kirish mumkin.

Rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichini 2025-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. U qo‘shimcha bagaj tasmasini o‘rnatishni, kafelar, do‘konlar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashadigan kutib oluvchilar zonasini kengaytirishni o‘z ichiga oladi.

Uchib kelish va uchib ketish zallarini yagona terminal majmuasiga birlashtirish yakuniy bosqich bo‘ladi. Ishlar yakunida terminalning umumiy maydoni 10 000 kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi, o‘tkazish qobiliyati esa soatiga 2400 yo‘lovchiga yetadi.

Avvalroq Toshkent aeroportida yangi yuk terminali ochilgani haqida xabar berilgandi. Omborxona zamonaviy texnika bilan jihozlandi.

Izohlar

Mavzuga oid