Kuchli shamol tufayli to‘rtta reys Toshkentga qo‘na olmadi
Ekipajlar Samarqand va Turkistondagi muqobil aerodromlarga borishga qaror qilgan.

O‘zbekistonda bir nechta samolyotlar ob-havo sharoiti o‘zgarishi sababli Samarqand va Turkistondagi muqobil aerodromga ketishga qaror qildi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘nalishni o‘zgartirishga Toshkent aeroportida shamolning o‘zgarishi sabab bo‘lgan. Soat 16:03 da shamol yo‘nalishi o‘zgargani sababli mutaxassislar samolyotlarning uchib kelishi va uchishiga vaqtinchalik cheklovlar kiritdi. Natijada Vyetnam, Rossiya va Hindistondan Toshkentga uchayotgan uchta samolyot ekipaji Samarqanddagi muqobil aerodromga ketishga qaror qilgan.
Xususan, ushbu reyslar quyidagilar edi:
- A321-253NX, UK32111, operator – Qanot Sharq, Nyachang – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HH-2232 yo‘lovchi reysi;
- A320-251NEO, UK32027, operator – Uzbekistan Airways, Maxachkala – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-9732 yo‘lovchi reysi;
- Boeing 767-33P (ER), UK67005, operator – Uzbekistan Airways, Dehli – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-424 yo‘lovchi reysi.
Air Astana aviakompaniyasining Ostonadan Toshkentga uchayotgan yana bir KS-123 reysi ham Turkistondagi muqobil aerodromga yo‘naltirishga qaror qildi.
Biroq soat 16:30 da vaziyat barqarorlashdi va Toshkent aeroportida samolyotlarning kelishi va uchishiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi, havo bandargohi odatdagidek ishlashda davom etdi. Qayd etilishicha, zaxira aerodromlarga qo‘ngan samolyotlar Toshkentga uchishga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.
Avvalroq Turkiyada samolyot to‘liq to‘xtamaguncha o‘rnidan turganlar uchun jarimalar tasdiqlangani xabar qilingandi. Qoidabuzarlar 70 dollar bilan xayrlashishiga to‘g‘ri keladi.
Izohlar