O‘zbekiston

Kreditlarni yengillashtirish va yangi subsidiya: prezident to‘qimachilik sanoatini qo‘llab-quvvatlash choralarini e’lon qildi

Mamlakatda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “dolzarb yuz kunlik” e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda “dolzabr yuz kunlik”ni e’lon qildi. Bu haqda prezidentning to‘qimachilik sohasidagi eksport imkoniyatlari va zaxiralarini ishga solish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlatimiz rahbari bu sohada ishlayotgan 200 dan ziyod tadbirkor bilan muloqot qilib, fikrini o‘rgangani, natijasi bo‘yicha ularga ko‘mak berishning bir necha yo‘lini ko‘rsatib o‘tdi. Xususan, ahvoli og‘irlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, xarajatlarni imkon qadar kamaytirish choralari belgilandi.

2025-yilda mamlakatda klasterlarning kredit qarzlarini garov evaziga to‘lash muddatini 5 yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Bu garovga pul qo‘ygan klasterlarga faqat asosiy qarzni to‘lash imkonini beradi. Keyinchalik Agrar jamg‘arma va banklarga hisoblangan foizlar faqat qarzlar to‘langandan so‘ng undiriladi.

Bu klasterlarning har yili 800 milliard so‘mlik aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yordam berishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lansa, jamg‘armaga tushgan foizlarning yarmi tadbirkorga qaytariladi. Shuningdek, mamlakatda 2022-2023 yillar hosili uchun klasterlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha hisoblangan 377 mlrd so‘m jarima sanksiyalari bekor qilinadi.

Bundan tashqari, hukumatga 2,2 milliard dollarlik tijorat kredit majburiyatlari bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish topshirildi. Buning uchun faoliyatini barqarorlashtirishga qodir korxonalarga kredit berish muddati 7 yilgacha uzaytiriladi.

Shuningdek, paxta hosilini o‘z vaqtida va zararsiz yig‘ib olish uchun fermerlarga har bir tonna uchun 1 mln so‘mdan subsidiya beriladi. Bunda paxta yetishtirganlik yoki o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilganlik uchun xomashyo qiymatining 10 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan korxonalarga qaytarib beriladi.

Barcha to‘qimachilik korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi. Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrga ega bo‘lish talabi bekor qilinadi va to‘qimachilik mahsulotlarining aylanmadagi ulushi to‘g‘risidagi talab 90 foizdan 70 foizga tushiriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda fermerlar uchun dizel narxi oshishiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Qaror ekish ishlari davrida barqarorlikni ta’minlashi kerak.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная