
Korrupsiyaga qarshi kurashish organlari reytingi korrupsiya darajasini aks ettirmaydi — Aksilkorrupsiya
Agentlikning taʼkidlashicha, “yaxshi” yoki “qoniqarsiz” baho jinoyatlarning yoʻqligi yoki mavjudligini anglatmaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Saparov davlat organlari oʻrtasida korrupsiyaga qarshi reyting boʻyicha texnik tuzatish bilan chiqdi.
Uning soʻzlariga koʻra, ushbu reyting notoʻgʻri talqin qilinmoqda, xususan, reytingda “qoniqarsiz” baholangan tashkilotlarga “korrupsiyalashgan tashkilotlar” yorligʻi nohaq berilmoqda.
Maʼlum boʻlishicha, reyting tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini, yaʼni korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligini baholaydi.
“Taʼkidlash joizki, biror bir tashkilotni “qoniqarsiz” natija qayd etganligi uning korrupsiyalashgan tashkilot ekanligini anglatmaydi. Yoki aksincha, “yaxshi” deb topilgan davlat tashkiloti faoliyati korrupsiyadan xoli degani emas”, — Sherzod Saparov.
Aksilkorrupsiya vakilining taʼkidlashicha, davlat tashkilotlarida korrupsiya darajasi jinoyatlar toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar, ijtimoiy soʻrovlar orqali korrupsiyaning jamoatchilik tomonidan qabul qilinishi va shunga oʻxshash tahliliy koʻrsatkichlar asosida aniqlanadi.
Eʼlon qilingan reytingning korrupsion jinoyatlarga hech qanday aloqasi yoʻq. Sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar soni va yetkazilgan zarar miqdori kabi masalalar tahlil predmeti hisoblanmaydi.
“Biz tomonimizdan eʼlon qilingan reytingni korrupsion jinoyatlarga umuman aloqasi yoʻq”, — Sherzod Saparov.
Reyting bilan havola orqali tanishish mumkin. Sherzod Saparov, shuningdek, xatolik tufayli Respublika sud ekspertizasi markazi notoʻgʻri baholanganini, aslida markaz faoliyati Adliya vazirligi tizimida birgalikda baholanganini tushuntirdi. Shuni inobatga olib, markaz mazkur reytingdan chiqarildi.
Soʻnggi yangiliklar







