Kompensatsiya, kafolatlar va himoya: deputatlar “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi
Hujjat Qonunchilik palatasi majlisida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi, yakunda u birinchi o‘qishda qabul qilindi, bildirilgan takliflar ikkinchi o‘qishga kiritilishi kerak.

5-avgust kuni Qonunchilik palatasi deputatlari hukumat tomonidan kiritilgan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini konseptual jihatdan ko‘rib chiqdi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qonun loyihasi hududlarni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan obodonlashtirish, eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz, avariya holatidagi bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, ularning qulayligi va energiya samaradorligini oshirish maqsadida shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Hujjat shaharsozlik renovatsiyasining asoslari va maqsadlarini, majburiy shartlarini, asosiy tamoyillarini, renovatsiya bosqichlarini, loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibini, shuningdek, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi asoslarini belgilaydi.
Qonun tashabbuskorlari ta’kidlaganidek, 2019-2023 yillarda uy-joylarga bo‘lgan talabni qondirish uchun (yiliga 145 mingta) o‘rtacha 60 mingta, 2024 yilda esa 100 mingta yangi uy-joylar qurilgan va o‘sib borayotgan ehtiyojlarni yanada qondirish uchun qo‘shimcha yer resurslari talab etiladi.
Qonun loyihasida renovatsiya ixtiyoriylik prinsipiga asoslanishi, shuningdek, hech kim ushbu jarayonda ishtirok etishga majburlanmasligi, ya’ni shaharsozlik renovatsiyasi loyihasini amalga oshirishni boshlash uchun barcha huquq egalari bilan notarial tasdiqlangan bitim tuzish majburiyligi belgilanmoqda.
Hujjat bilan belgilanishicha, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda hech kim sudning qarorisiz va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan tartibda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Xususiy mulkning daxlsizligi va davlat tomonidan himoya qilinishi, xususiy mulkning saqlanishini ta’minlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilari tomonidan huquq egalarining huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy kafolatlanadi.
Shu bilan birga, shaharsozlik renovatsiyasi doirasida yerga bo‘lgan xususiy mulk huquqi va yer egasining huquqini amalga oshirish bo‘yicha huquq egasining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar huquq egasining foydasiga talqin qilinadi.
Hujjat turar va noturar joylar mulkdorlariga adolatli kompensatsiya tizimini nazarda tutadi. Ya’ni, kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilayotgan hududda yangi qurilayotgan turar joy va noturar joy obyektlariga, boshqa hududdagi turar joy va noturar joy obyektlariga mulk huquqini pul yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa shaklda bozor qiymati bo‘yicha o‘tkazish sifatida belgilanadi.
Turar joy va yashash uchun mo‘ljallanmagan obyektni kompensatsiya tarzida berishda taqdim etilayotgan turar joy maydoni huquq egasining rekonstruksiya qilinayotgan turar joyi maydonidan kam bo‘lmasligi, shuningdek yashash uchun tayyor holda topshirilishi va birinchi navbatda pastki qavatlardan taklif etilishi nazarda tutilmoqda.
Renovatsiya loyihasi “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasidan, ommaviy axborot vositalarining rasmiy veb-saytlaridan va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi lozim. Shuningdek, renovatsiya loyihasi Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritilmoqda.
Qizg‘in muhokamalarda qonun tashabbuskorlari deputatlarning savollariga atroflicha javob berib, kelib tushgan takliflar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda inobatga olinishini ta’kidladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Toshkent shahridagi renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgandi. Qayta ta’mirlash uchun 300 dan ortiq uchastka ajratilgan. Birinchi bosqich doirasida 2025-2026-yillarda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu tegishli hududlarning funksionalligini yaxshilash, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va atrof-muhitni obodonlashtirish imkonini beradi.
2024-yil 18-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Qonunchilik palatasidagi nutqida, parlament saylovlaridan keyingi birinchi sessiyada uy-joylarni renovatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish aholi sonining katta o‘sishi, yiliga taxminan bir million kishi, bu esa yer tanqisligini keltirib chiqarishi mumkinligi sababli zarurat ekanligini ta’kidladi.
Prezident mijozlar va quruvchilar o‘rtasida ziddiyatlar saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Odamlar uy-joy qurishga sarmoya kiritadi, lekin ba’zida uylar foydalanishga topshirilmaydi. Muammoni hal qilish uchun prezident uy-joylarni renovatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun bilan birga fuqarolarning uy-joy qurilishiga sarmoya kiritadigan mablag‘larini kafolatlash to‘g‘risida qonun qabul qilish zarurligini aytdi.
O‘zbekistonda tegishli dasturni ishlab chiqish allaqachon boshlangan, u eskrou deb nomlanadi va quyidagi tamoyil bo‘yicha ishlaydi: ulushdorlarning pullari maxsus bank hisob raqamida saqlanadi, quruvchi obyekt foydalanishga topshirilgandan keyingina ulardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, agar quruvchi biror sababga ko‘ra shartli uyni qurib bitkaza olmasa, pullar odamlarga qaytariladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovning aytishicha, uy-joy bozorini tartibga solish va xalqaro tajriba asosida eskrou tizimini joriy etish bo‘yicha davlat rahbari tomonidan topshiriq berilgan. Loyihani amalga oshirish qanchalik qiyin bo‘lishi haqidagi savolga javob berar ekan, amaldor tizimni 2026-yil 1-iyulda joriy etish rejalashtirilganini ta’kidladi.
Izohlar