Ko‘chadagi ruhiy kasallar: deputat nazorat va profilaktikani kuchaytirishga chaqirdi
“Adolat” partiyasi Toshkentda IIB xodimiga hujum uyushtirilgani va Denovda qizcha o‘ldirilgani ortidan bu muammoni ko‘tardi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Adolat” partiyasidan deputati Zuhriddin Mavlonov psixiatriya sohasidagi nazoratni kuchaytirishni yoqlab chiqdi, deb xabar bermoqda NOVA24 muxbiri.
Deputat va partiyaning chaqirig‘i ruhiy kasallar bilan bog‘liq qo‘rqinchli va fojiali holatlarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Toshkentda 20 yildan buyon PNDda ro‘yxatda turuvchi erkak IIB xodimiga sababsiz pichoq bilan hujum qildi. Avvalroq Denovda ruhiy holati buzilgan ayol onasi bilan ko‘chada ketayotgan qizchani shunchaki pichoqlab qo‘ygan, bola shifoxonaga olib ketilayotganda yo‘lda vafot etgandi.
Toshkentdagi holatga kelsak, erkak 2017-yilda yashash joyidan topilmagani sababli tibbiy kuzatuvdan chiqarilgan.
“Bu esa uning hali tuzalmagan va jamiyat uchun xavfli bo‘lishi mumkinligi inobatga olinmasdan profilaktik hisobdan chiqarilgani va u nazoratsiz holatda Toshkent shahrida yurganligini ko‘rsatadi. Aslida esa manzili o‘zgargan yoki topilmagan ruhiy kasallar yuzasidan nazorat kuchaytirilishi, sog‘liqni saqlash va ichki ishlar organlari o‘rtasidagi hamkorlikda aniq choralar ko‘rilishi kerak edi”, — Zuhriddin Mavlonov.
Denovdagi fojia davlat organlarining nochorligini yanada kuchliroq ko‘rsatdi, ayol sud qarori bilan majburiy psixiatrik davolanishga majbur bo‘lgan, biroq mas’ul tuzilmalar sud qarorini o‘z vaqtida bajarmagan, ayol qarovsiz qolib, bolasini o‘ldirgan. Agar davlat idoralari beparvolik qilmaganida, qizcha yashashi mumkin edi.
“Fikrimizcha, bu kabi holatlar aslida kam emas, ushbu holatlarning faqat ayrimlari jamoatchilikka oshkor bo‘lmoqda hamda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Shu kabi holatlarga oydinlik kiritish hamda kelajakda shu kabi hodisalarni oldini olish bo‘yicha sog‘liqni saqlash va ichki ishlar vazirlariga deputat so‘rovi ham yuborilgan”, — Zuhriddin Mavlonov.
Deputat amalga oshirilishi kerak bo‘lgan asosiy chora-tadbirlarni sanab o‘tdi:
- ochiqda, ya’ni maxsus tibbiy muassasalardan tashqarida bo‘lgan barcha ruhiy kasalliklarga chalingan shaxslarni aniqlab, ularni to‘liq ro‘yxatini shakllantirish, jamiyat uchun xavflilik darajasini yaxshilab qaytadan o‘rganib chiqish;
- axborot maxfiyligini ta’minlagan holda dispanser kuzatuvida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslarning yagona elektron reyestrdagi ma’lumot bilan ichki ishlar va sog‘liqni saqlash tizimlari o‘rtasida doimiy ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
- sud qarorlarining ijrosini ta’minlashda maxsus monitoring tizimini joriy etish, majburiy ruhiy davolanish belgilangan shaxslar yuzasidan ijro nazoratining mukammal bo‘lishi, ichki ishlar organlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari bilan ta’minlash;
- psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, ushbu shaxslarning profilaktikasi, davolanishi va reabilitatsiyasiga oid qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, sog‘liqni saqlash va huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun qo‘shimcha vakolat va resurslar ajratilishi;
- har bir shunday holat yuzasidan mas’ullarning befarqligi va xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi holatlari ham aniqlanib, ularga nisbatan huquqiy baho berish.
Shuni ta’kidlash joizki, ba’zida ruhiy holati buzilgan odamlar ko‘chalarda hech kimga zarar bermagan holda yalang‘och yurishadi. Umuman olganda, O‘zbekistonda ruhiy holati buzilgan shaxslar o‘z joniga qasd qilishga urinish holatlari ko‘p uchraydi.
Izohlar