O‘zbekiston

Kimoshdi savdosida ikki mlrd dollarlik oltin koni sotilmoqda

Yana ikkita oltin va qimmatbaho metallar konida geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi.

Kimoshdi savdosida ikki mlrd dollarlik oltin koni sotilmoqda
OLYMPUS DIGITAL CAMERA

Qashqadaryo viloyatida qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan oltin koni auksionga qo‘yiladi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon Koson, Kitob va Chiroqchi tumanlarida investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobarga oshgan. Shu bilan birga, viloyatdagi 12 ta konning hammasi ham sanoat usulida o‘zlashtirilmayotgani sababli davlat rahbari tegishli maydonlarni auksionga chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi.

Hukumat qurilish materiallari sohasida 150 million dollarlik yana 16 ta loyiha tayyorlagan. Qayd etilishicha, Kitobdagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangan, bu joriy oltin kotirovkalari bo‘yicha taxminan 2,15 mlrd dollarga baholanadi. Prezident ushbu uchastkani ham auksionga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ta’kidlanishicha, potensial investorlar atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda yopiq usulda metall qazib olish uchun 100 mln dollardan 150 mln dollargacha sarmoya kiritishga tayyor. Shuningdek, beshta istiqbolli uchastkalarda Kitobda yana 39 tonna oltin, Chiroqchida esa 10 ming tonna noyob metallar aniqlangan. Davlat rahbari bu hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan tashqari, viloyatda to‘qimachilik tarmog‘ining ulushini oshirish maqsadida Koson tumanidagi 40 gektarlik yangi texnopark hududida 200 million dollarlik 12 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda tozalash inshootlari va kanalizatsiya yo‘qligi sababli ishlar to‘xtatilgan. Shu bois prezident tegishli infratuzilma uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq O‘zbekiston va Fransiya Janubiy Jengeldi konida uran qazib olishi haqida xabar berilgandi. Loyihaga Yaponiya kompaniyasi ham qo‘shiladi.

Izohlar

Mavzuga oid