Joriy yilda ijtimoiy himoyaga muxtoj 775 nafar bola uy-joy bilan taʼminlandi
Yilning soʻnggiga qadar yana 15 nafar bolalarning turarjoy bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.
2020-yilning boshida Oʻzbekiston hukumati va BMT agentliklari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilishni mustahkamlash boʻyicha BMT qoʻshma loyihasi yoʻlga qoʻyildi. Asosiy maqsad — nogironligi bor katta yoshdagilar va bolalarni oʻz ichiga oladigan barcha Oʻzbekiston fuqarolarini butun hayotlari davomida ijtimoiy himoyaning sifatli xizmatlaridan foydalana olish imkoniyati bilan taʼminlash.
Mazkur loyihadagi uchta eng ustuvor yoʻnalishlardan biri, bu ijtimoiy himoya boʻyicha yagona davlat koordinatsion mexanizmini yaratish hisoblanadi.
Ijtimoiy himoya tizimi turli vazirlik va idoralar orasida tarqoq holda ekanligini va ularning hech biri ushbu sohada koordinatsiya, integratsiya va yagona davlat siyosatini amalga oshirishga javobgar emasligini koʻrsatdi. Natijada, ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan strategiya va yagona qarash mavjud emas.
Har bir idora tarkibida vertikal tashkiliy tuzilma yoʻlga qoʻyilganligiga qaramay, turli davlat organlari oʻrtasida gorizontal kommunikatsiya yoʻq, va bu ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlariga taqdim etilayotgan ijtimoiy xizmatlarning amaliyligi, qamrab olinishi va sifatini sezilarli darajada pasaytirmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaning rasmiy qabul qilingan taʼrifi ham, hozirgi vaqtda mavjud turli dasturlarni boshqarish, koordinatsiya qilish va ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan yagona organ ham yoʻq edi.
Ijtimoiy himoya tizimining tarqoqligi oxir-oqibat bir xil vazifalarning turli idoralar tomonidan takrorlanishi, mablagʻlarning samarasiz sarflanishi, ijtimoiy himoya va nafaqalar bilan qamrab olish darajasining pastligi, aholining zaif qatlamlari haqida yagona maʼlumotlar bazasi va statistik maʼlumotlarning yoʻqligiga olib keladi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Oʻzbekistonda aholining imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoya muhtoj qatlamini toʻlaqonli qamrab olish, ularga koʻrsatilayotgan koʻmak sifatini yangi bosqichga koʻtarish masalasi islohotlar negizini tashkil etmoqda.
Xususan, kam taʼminlangan oilalarga nafaqa belgilash asoslari aniq qilib qoʻyildi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi ishga tushirilib, kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam koʻrsatish boshlandi. Ochiqlik, tenglik, adolat tamoyillariga qatʼiy amal qilish vazifasi belgilandi.
Taʼkidlash kerakki, bu raqamlar nafaqaga muhtoj oilalar soni ortganini emas, balki ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy himoya yetib borayotganini anglatadi. “Imkoniyati cheklangan kishilar” degan tushuncha davlat va jamiyatning nogironlarga boʻlgan tor, bir yoqlama munosabatini ifodalab kelgan boʻlsa, yangi islohotlar davrida, avvalo, qonunchilik oʻzgarib, “nogironligi boʻlgan shaxslar” degan tushuncha yuzaga keldi.
Shu asosda davlat va jamiyat nogironlarga imkoniyati cheklanganlar, deb emas, balki shaxs sifatida munosabatda boʻlishga oʻtdi. Bu munosabat uning huquqlari tan olingani va roʻyobga chiqishi uchun imkoniyat yaratilayotganini anglatadi.
Mana shu uchta misol mamlakatimizda ijtimoiy himoya masalasiga munosabat, eʼtibor va masʼuliyat tubdan oʻzgargani, muammolarni yashirish emas, balki hal qilish uchun ham huquqiy, ham amaliy jihatdan izchil choralar koʻrilayotganining isbotidir.
Ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish boʻyicha tizimli islohotlar amalga oshirildi:
- Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasi yangi bosqichga olib chiqilib, yagona markazlashgan tizim sifatida shakllantirildi;
- Respublikaning 208 ta tuman (shahar)larida “Inson” markazlari va har bir mahallada ijtimoiy xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi;
- mahalla darajasida 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimi yaratildi;
- nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻmaklashish, jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash tizimi takomillashtirildi;
- protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlarini 18 tadan 30 taga, qoplab beriladigan mablagʻlar miqdori oʻrtacha 10 baravargacha oshirildi.
Eng muhimi – insonlarga zarur vositalarni elektron tarzda oʻzlari tanlab olish imkoniyati yaratildi.
Bunda muhtoj shaxslarga vaucherdan (davlat tomonidan qoplab beriladigan mablagʻdan) foydalangan holda elektron tijorat (“POM Market” platformasi va “Uzum market”) orqali tegishli protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasini oʻz tanloviga koʻra bevosita oʻzi, qonuniy vakili yoki ijtimoiy xodimlar koʻmagida xarid qilish imkoni yaratildi.
Respublika boʻyicha 66 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha va maktab taʼlim tashkilotlarida nogironlikning ogʻir turlariga ega boʻlgan bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” guruhlari tashkil etildi. Mazkur guruhlarga 500 dan ortiq ogʻir turdagi nogironligi boʻlgan bolalar yoʻnaltirilgan.
2021-yildan hozirga qadar 2481 ta yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tomonidan uy-joylar bilan taʼminlandi (418 mlrd 988 mln soʻm mablagʻlar sarf etilgan). Joriy yilda shu maqsadda davlat byudjetidan 140 mlrd soʻm, Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasidan esa 42 mlrd soʻm, jami 182 mlrd soʻm mablagʻlar ajratildi.
Joriy yilda 775 nafar bola uy-joy bilan taʼminlandi va yilning soʻnggiga qadar yana 15 nafar bolaning turarjoy bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.
Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish amaliyoti tubdan oʻzgartirildi. Tazyiqqa uchraganlarga uch bosqichli “mahalla-tuman-viloyat” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizim joriy qilindi. Endilikda, tazyiq holati doimiy oʻrganilib, kuzatib boriladi, himoya orderi talab qilmasdan ijtimoiy xizmatlar koʻrsatiladi, ariza talab etmagan holda boshpana va chuqur reabilitatsiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar koʻrsatiladi.
2024-yil 1-maydan boshlab reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlarga toʻlash boʻyicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qoʻshimcha pul toʻlovlari oʻrniga yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 648 ming soʻmlik moddiy yordam joriy etildi.
Ijtimoiy himoya jamiyatda boqimandalikni oshiradi, degan notoʻgʻri qarashlar ham bor. Lekin rivojlangan davlatlar tajribasi buning aksini isbotlagan. Yaʼni ijtimoiy himoya manzilli, maqsadli boʻlsa, jamiyatda faollik, ishonch, barqarorlik kuchayadi. Davlat rahbari tasdiqlagan strategiyada qoʻyilgan maqsadlar aynan ijtimoiy himoyaning manzilliligiga qaratilgan.
Katta va asosiy maqsad — boqimandalikni kamaytirib, faollikni oshirish. Har bir oila va inson taqdiriga alohida, professional yondashish lozim. Ijtimoiy xizmat toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda oʻz oʻrnini topadi, – deydi Shavkat Mirziyoyev.
Asosiy maqsad esa eng past darajadagi zaif guruhlar ehtiyojlarini aniqlash orqali ijtimoiy nafaqa va xizmatlarning yagona kompleks tizimini yaratish. Busiz ijtimoiy yordamni taqsimlashda, uni oluvchi shaxslar qamrovini kengaytirishda va ularni kambagʻallikdan olib chiqishda samaradorlikka erishib boʻlmaydi.