Jizzaxda xalqaro terrorchilik tashkilotlarining materiallarini tarqatib kelgan shaxs qamaldi
Sharof Rashidov tumanida xalqaro terrorchilik tashkilotlarining materiallarini tarqatib, moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelgan shaxsga sud hukmi o‘qildi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida xalqaro terrorchilik tashkilotlarining materiallarini tarqatib va moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelgan 27 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi.
Qayd etilishicha, tumanning Kuyovboshi mahallasida yashagan fuqaro 2017-yildan 2024-yilning bahorigacha Rossiyaga ber necha marta borib, savdo, ishlab chiqarish va qurilish obyektlarida ishlagan. U shu vaqtlarda O‘zbekiston hududida faoliyati taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkilotlarining audio va video materiallarini eshitib kelgan.
Bundan tashqari, o‘zining akkaunti orqali diniy mazmundagi kanallar va guruhlarga a’zo bo‘lib, ularga joylashtirilgan ekstremistik va aqidaparastlik g‘oyalari bo‘lgan da’vatlarni tinglab kelgan. Ulardagi g‘oya va takliflarni qo‘llab-quvvatlagan, deyiladi xabarda.
Mart oyida yigit O‘zbekistonga qaytib kelganida tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan. Uning mobil telefoni xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida olinib ko‘zdan kechirilganida shaxsi noma’lum bo‘lgan akkaunt egalari bilan Saudiya Arabistoniga chiqib ketishga oid yozishmalari aniqlangan.
Shuningdek, bir necha akkaunt egalariga terrorchilik tashkilotining atributlari va ramziy belgilari aks ettirilgan video materiallar yuborgani ma’lum bo‘lgan. O‘zining nomiga ochilgan bank kartasida 100 ming rubldan ziyod mablag‘ni terrorchilik tashkilotlari a’zolarining hisob raqamiga o‘tkazib kelgani aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tumani sudida ayblanuvchi qilgan ishlaridan pushaymonligini bildirgan. Sud hukmi bilan u 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Qariyb 1 mlrd so‘mlik qalbaki pullarni sotayotgan shaxslar ushlandi Rossiyada farzandini qiynoqqa solgan o‘zbekistonlik ayol qamaldi Xalqaro terrorchilik tashkilotiga qoʻshilmoqchi boʻlgan 17 nafar shaxs ushlandi Andijonda aliment toʻlamagan ikki otaga 15 sutkadan “berildi” Jizzaxda 3,7 mlrd soʻmlik elektr oʻgʻirlagan fermer xoʻjaligi aniqlandi