18 Fevral 2025, 15:10 Oʻzbekiston

Jizzaxda 588 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar fosh etildi

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Jizzaxda 588 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar fosh etildi

Jizzax viloyatida 588,5 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari to‘xtatib qolindi, deb xabar bermoqda Prokuratura departamenti.

Unga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yangiobod tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida “Sangzor-15” YPX maskanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. Samarqand—Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Isuzu yuk mashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilgan.

Shunda fuqaro A.U. tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy bahosi 588,5 mln so‘mlik jami 1 000 quti dori vositasini Toshkent shahrida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro G.B.ga sotishga kelishib olib ketayotgan aniqlangan. Ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar