Jizzaxda 13 va 4 yoshli opa-singilni mashina urib ketdi
Hodisa oqibatida voyaga yetmagan ikki piyoda voqea joyida halok boʻlgan.
Jizzax viloyati Baxmal tumanida haydovchi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan ikki bolani urib qochib ketgan. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 18 noyabr kuni soat 19:30 larda sodir bo‘lgan.
33 yoshli haydovchi Cobalt mashinasi bilan G‘allaorol-Zomin yo‘lida O‘smat yo‘nalishi bo‘yicha ketayotib yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan 2011 va 2020 yilda tug‘ilgan bolalarni urib yuborgan.
Haydovchi jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish o‘rniga voqea joyidan qochib ketib, yashiringan. Oqibatda, opa-singillar turli tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.
Shu kunning o‘zida Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib odamlar o‘limiga sabab bo‘lish) va 117-modda 3-qismi “a” bandi (Xavf ostida qoldirib, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi ushlangan va vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.