O‘zbekiston

Italiya O‘zbekistonda AES qurilishida ishtirok etishi mumkin

Ikki mamlakat vakillari Italiya muhandislik yechimlarini mamlakat iqlim sharoitiga moslashtirish masalalarini muhokama qildi.

Italiyaning Ansaldo Energia energetika xoldingi O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishga jalb etilishi mumkin, deb xabar bermoqda “O‘zatom” agentligi axborot xizmati.

Agentlik direktori Azim Ahmadxo‘jayev Ansaldo Energia xoldingi va uning atom energetikasi texnologiyalariga ixtisoslashgan Ansaldo Nucleare sho‘ba korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar texnologik integratsiya va Italiya muhandislik yechimlarini mamlakat iqlim sharoitiga moslashtirish masalalarini muhokama qildi.

AES qurilishi loyihasini nazorat qilish uchun xolding kompaniyalarini texnik maslahatchi sifatida jalb qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, radioaktiv chiqindilarni boshqarish sohasida Ansaldo Nucleare bilan hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan, uning ishlatilgan yadro yoqilg‘isini boshqarish tizimidan foydalanish imkoniyatlari batafsil o‘rganildi.

Bundan tashqari, Italiya tomoni milliy normativ-huquqiy bazani shakllantirish va litsenziyalash masalalari bo‘yicha maslahat berish, shuningdek, atom texnologiyalarini takomillashtirish va kadrlar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik loyihalarini tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Avvalroq AES O‘zbekistonning uchta viloyatini barqaror energiya bilan ta’minlay olishi haqida xabar berilgandi. “O‘zatom” rahbari loyiha integratsiyalashgan xususiyatga ega bo‘lib, turli quvvatdagi zamonaviy texnologiyalarni birlashtirishini aytdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная