Italiya bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi yangi sanasi ma’lum qilindi
Jorja Meloni Rim papasi Fransiskning o‘limi tufayli o‘zining avvalgi tashrifini bekor qilgandi.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni 28–29-may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda Italiya hukumati matbuot xizmati.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bosh vazir birinchi navbatda Samarqandga tashrif buyuradi. U Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo sammitida ishtirok etadi.
Sammitning asosiy maqsadi Italiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorligini mustahkamlashdan iborat. Tashrif Italiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Jorja Meloni 25-26-aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, keyinroq Ostonada bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo—Italiya” birinchi sammitida ishtirok etishni rejalashtirgandi. Biroq 26-aprel kuni dafn marosimi bo‘lib o‘tgan Rim papasi Fransiskning o‘limi tufayli sayohatni bekor qilishga qaror qilindi.
Izohlar