O‘zbekiston

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Mobiuz faoliyatini tekshirib chiqdi va Beeline`ga e’tibor qaratdi

Idora tariflar va abonent to‘lovi tizimidan norozi bo‘lgan mijozlarning murojaatlarini qabul qildi.

16 iyul kuni Raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati UMS (Mobiuz) kompaniyasi bilan olib borilgan ish bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.

Idora tomonidan o‘tkazilgan baholash shartnomalar va tarif rejalari shartlarida kamsitish elementlari mavjudligini, shuningdek, abonentlarning xabardorligini oshirish zaruratini aniqladi. Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga ko‘ra, tariflar abonentning ahvolini yomonlashtirmasligi va iste’molchi manfaatlariga zid kelmasligi lozim.

“Mazza!” tarif rejasiga o‘tish faqat mobil ilova orqali amalga oshirilgan. Bu esa iste’molchilarning tanlash huquqini cheklab, ularni majburiy ravishda mobil ilovadan foydalanishga undagan. Qo‘mita ko‘rsatmasiga binoan, ushbu tarifga o‘tish imkoniyati nafaqat mobil ilovada, balki kompaniya ofislarida ham yaratildi va bu haqda iste’molchilar xabardor qilindi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qo‘mita ko‘plab tariflarda oylik abonent to‘lovi uchun mablag‘ yetishmaganda avtomatik ravishda kunlik abonent to‘loviga o‘tish tartibi joriy etilganini kamchilik sifatida aniqladi. Biroq, ushbu xizmatni mustaqil boshqarish (o‘chirish yoki faollashtirish) imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, ko‘plab abonentlar bu haqda xabardor emasligini Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar ko‘rsatdi.

Qo‘mita ko‘rsatmasiga muvofiq, kompaniya rasmiy veb-saytida “kunlik abonent to‘lovi rejimiga o‘tish” xizmatini boshqarish imkoniyati haqida e’lon joylashtirdi va bunday xizmatga ulangan abonentlarga xizmatni boshqarish usullari tushuntirilgan SMS-xabar yuborildi.

Qo‘mita UMS’ga talablarni o‘z vaqtida bajargani uchun minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, Beeline operatori bilan oylik va kunlik abonent to‘lovi shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokama o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Avvalroq O‘zbekistonda firibgarlar mobil aloqa operatorlari nomidan «ish boshlagan»liklari haqida xabar berilgandi. Fuqarolarga sim-karta uchun muddatsiz shartnomani uzaytirish taklif qilinmoqda.

Даниил Листвин
Редактор «NOVA24»

Izohlar

Mavzuga oid

Главная