Issiqning pasayishi va yog‘ingarchilikning yo‘qligi: haftalik ob-havo
Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va tog‘li hududlarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

O‘zbekistonda 7–11-iyul kunlari jazirama issiqdan so‘ng havo harorati asta-sekin pasayishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Harorat 7-iyulda kunduzi 36-41 daraja, 8-9 iyulda 33-38 daraja, 10–11-iyulda 31-36 daraja bo‘ladi. O‘zbekiston janubida ham harorat pasayadi, ish haftasining oxiriga kelib 37-40 daraja issiq bo‘ladi.
Mamlakat hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. 9–10-iyul kunlari faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, tog‘oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo‘ladi, ayrim joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat asosan 7-iyulda 39-41 daraja, 8-9 iyulda 35-38 daraja, 10–11-iyulda 32-35 daraja bo‘ladi.
Izohlar