10 Iyul 2024, 17:12 Oʻzbekiston

Ish qidirayotgan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi soddalashtiriladi

Ish haqidan mahrum boʻlgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga ham aniqlik kiritiladi.

Ish qidirayotgan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi soddalashtiriladi

Senat yalpi majlisida “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.

Maʼlum qilinishicha, hujjat bilan sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida ish beruvchining boʻsh ish oʻrinlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda. Shuningdek, qonunda xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish mezonlari aniq belgilanib, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan oʻzaro muvofiqlashtirilyapti.

Bundan tashqari, ish qidirayotgan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi soddalashtirilmoqda. Unga koʻra, ish qidirayotgan shaxslarning ish staji, maʼlumoti (mavjud boʻlgan taqdirda), ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va boshqa maʼlumotlar mahalliy mehnat organi tomonidan masʼul davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinishi belgilanmoqda.

Qonunda ishdan va ish haqidan mahrum boʻlgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilib, ishsizlik nafaqasini toʻlashni tugatish va toʻxtatib turish tartiblari takomillashtirilmoqda. Shuningdek, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar bilan bunday ishlarda ishtirok etish uchun mehnat shartnomasi muddatini oʻn bir oygacha boʻlgan muddatga tuzish asoslari, ishsiz shaxslarga stipendiya toʻlash shartlari belgilanmoqda hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari takomillashtirilyapti.

Mashhur yangiliklar