Iqtisodiyot va moliya vaziriga yangi oʻrinbosarlar tayinlandi
Umid Obidxoʻjayev va Ilhom Umrzoqov Iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari boʻldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida qator tayinlovlar amalga oshirildi. Bu maʼlumot vazirlikning rasmiy saytiga joylashtirildi.
Unga koʻra, Umid Obidxoʻjayev Iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari etib tayinlangan.
Obidxoʻjayev 1987-yilda Namangan shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, 2009-yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetini, 2014-yilda Yaponiyaning Keyo universiteti magistratura bosqichini hamda 2017-yilda Keyo universiteti doktorantura bosqichini iqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan.
U 2021-yil may oyidan mazkur tayinlovga qadar Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Shuningdek, Ilhom Umrzoqov Iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari — Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktor lavozimiga tayinlangan.
Umrzoqov mehnat faoliyati davomida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Makroiqtisodiy siyosat, tahlil va prognozlash boshqarmasi boshligʻi boʻlib ishlagan, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini boshqargan (2020-2021-yillar).
U Jahon bankida (2021−2024), shuningdek, Xalqaro valyuta jamgʻarmasida (2022−2024) ijrochi direktor maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. Ilhom Umrzoqov 2024-yilning mayidan mazkur tayinlovga qadar Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.
Мавзуга оид хабарлар:
“Hududiy elektr tarmoqlari”ga yangi rahbar tayinlandi Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi Pensiya jamg‘armasiga yangi rahbar tayinlandi Jizzax viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi Gulnora Normurodova Jizzax viloyati hokimiga oʻrinbosar boʻldi