3 Aprel 2025, 08:48 Oʻzbekiston

Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlariga jiddiy ziyon yetkazmoqda

Iqlim o‘zgarishi madaniy meros obyektlariga ham katta zarar yetkazyapti. Madaniy meros agentligiga ko‘ra, sho‘rlanish, yomg‘ir va qor tufayli asosan, arxeologik yodgorliklar ziyon ko‘rmoqda. Bularning oldini olish uchun xitoylik olimlar bilan hamkorlik qilinib, konservatsiya va restavratsiya ishlari olib borilyapti.

Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlariga jiddiy ziyon yetkazmoqda

Global iqlim o‘zgarishi O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlariga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Bu haqda 25-mart kuni Madaniy meros agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Agentlik direktori birinchi o‘rinbosari Tursunali Kuziyevga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi sababli yog‘och, paxsa, g‘isht va toshdan qurilgan qadimiy obyektlarga ham juda katta ziyon yetmoqda.

“Ularni bog‘lab turadigan moddalar: loy, sement va boshqalar havo haroratining yuqoriligi tufayli namligini yo‘qotib, quriyapti va to‘kilib ketmoqda. Shu sababli mazkur masalada biz xitoylik maxsus ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlik o‘rnatdik va birgalikda Ichan Qal’adagi ikkita yodgorlikni qayta tikladik. Hozir o‘zimizning mutaxassislarni Xitoyga yuborib, ularning tajribasi va texnologiyasini o‘rganyapmiz”, — deydi Kuziyev.

Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish arxitektori Fazliddin Davlatovning aytishicha, sho‘rlanish ham tarixiy yodgorliklarga ziyon yetkazayotgan asosiy muammolardan biri hisoblanadi.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida katta sho‘rlanish bor. Tarixiy binolarimiz orasida xom g‘isht, paxsa, sinchdan qurilganlari ko‘p. Bunday obyektlar esa yer osti suvining zaxini o‘ziga tortadi. Natijada sho‘r suv binolarni yemiradi va shu tariqa madaniy meros obyektlarining umri qisqaryapti. Bu kabi muammolarning oldini olish bo‘yicha o‘zimizning olimlar xorijlik hamkasblari bilan birga ishlar olib boryapti. Ya’ni sho‘rlarni yuvish, poydevorlarni shamollatish kabi chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, — deydi restavrator.

“Bundan tashqari yomg‘ir va shamol ham zarar yetkazmoqda. Arxeologik yodgorliklarning asosiy qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida bo‘lib, ular tepaliklar, paxsa va xom g‘ishtdan iborat. Katta-katta hududlarda joylashgani tufayli ustini yopishga budjetdan milliard-milliard mablag‘ kerak bo‘ladi. Faqat qisman konservatsiya qilib qo‘yilyapti. Lekin yillar o‘tgan sari paxsa devorlar yomg‘ir, qor, shamol va issiq sababli baribir yemirib boradi. Buning oldini olish juda qiyin. Ammo davlatimiz bu ishlarga pul ajratib, konservatsiya va restavratsiya qilish orqali qisman bo‘lsa ham saqlab qolishga urinyapti”, — deydi Fazliddin Davlatov.

Mashhur yangiliklar