14 Fevral 2025, 08:17 Oʻzbekiston

Ikki viloyatda isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarilishiga chek qoʻyildi

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Ikki viloyatda isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarilishiga chek qoʻyildi

Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Koʻkdala tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda fuqaro X.B. “Suvliq” MFY hududidagi xonadonining yordamchi xoʻjaligida yasama juvoz uskunasini oʻrnatib, yogʻ mahsuloti ishlab chiqarayotganligi aniqlangan.

Tadbir jarayonida juvoz uskunasi, 165 litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan jihozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Oqdaryo tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda fuqaro Sh.O. “Galaravot” MFY hududidagi xonadonida yogʻ mahsuloti ishlab chiqarayotganligi aniqlanib, undan juvoz uskunasi, isteʼmolga yaroqsiz yogʻ, 846 kg chigit va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar