Ikki hududda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari aniqlandi
Hozirgi kunda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron tumani boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Tadbir davomida “Chinor” YPX maskanida Fargʻona-Toshkent yoʻnalishida harakatlanib kelgan “Epica” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilgan.
Shu vaqtda mazkur avtomashina yoʻlovchisi M.O. 37 dona “Regapen” va 2 dona “Tropikamid” nomli inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini Toshkent shahrida oʻtkazish maqsadida olib kelayotgani aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Termiz shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda eas “G.S.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchisi A.T. tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan 3 ta kapsula “Omnadren” nolmi dori vositasini 120 ming soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan tegishli hujjatlari boʻlmagan 850 dona “Karbamazepin” va 22 dona “Omnadren ” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirgi kunda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.