IIV Toshkentda kvadroberlar paydo bo‘layotganidan ogohlantirdi
Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, poytaxtda 11 oktyabr kuni bir kvadrober yo‘lovchilarga itga taqlid qilib hujum qilgan.
Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar oʻrtasida oʻzini maʼlum bir hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda oʻsha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish koʻrinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon boʻlmoqda, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, bu kabi voqealar Qozogʻiston, Rossiya va Ukraina yoshlari orasida ham kuzatilgan.
Achinarlisi, bunday nomaqbul harakatlar Toshkent shahrida ham kuzatilmoqda, deyiladi IIV xabarida.
Xususan, 10-oktyabrda hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan kvadrober uchratilgani, 11-oktyabrda esa yana bir kvadrober yoʻlovchilarga itga taqlid qilib hujum qilgani, voqeaga guvoh boʻlgan bola qattiq qoʻrqib ketgani xabar berilgan.
Ekspertlar fikricha, kvadroberlik bola oʻziga hayvonlarning agressiv harakatlarini qabul qilishiga, oʻzini va atrofdagilarni jarohatlashiga, bolaning hali toʻla shakllanmagan psixikasiga zarar yetishiga hamda uning jamiyatdan ajralib qolishiga olib kelishi mumkin.
Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 77-moddasiga binoan, ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majburdir. “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, voyaga yetmagan taʼlim oluvchilarning ota-onasi bolaning oʻqishi, tarbiyalanishi, jismoniy, maʼnaviy va intellektual rivojlanishi uchun masʼuldir. Shuningdek, voyaga yetmagan taʼlim oluvchilarning ota-onasi oʻz bolalarini insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, maʼnaviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashi shart.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming soʻmgacha) jarimaga tortishga sabab boʻladi.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi ota-onalarni oʻz farzandlarini har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash boʻyicha oʻzlarining maʼnaviy burchlari va qonuniy majburiyatlarini bajarishga chaqiradi. Bola huquqlari kafolatlarini taʼminlashga masʼul organlardan biri sifatida vazirlik shunday submadaniyat namoyon boʻlishi holatlari ota-onalar tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarmaslik sifatida malakalanishini maʼlum qiladi.
Bundan tashqari, kvadroberlik bolaning ruhiy va emotsional sogʻligʻiga qanday taʼsir etganligini aniqlash maqsadida zarur hollarda bolalarni maxsus psixologik koʻrikdan (konfidensial tarzda, bolani yakkalash va diskriminatsiya qilinishiga yoʻl qoʻymaydigan doʻstona usullar orqali) oʻtkazish ham talab etilishi mumkin, deyiladi xabarda.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi Toshkent shahri transport bosh boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlandi Toshkentdagi ikkita koʻchada harakat qariyb 20 kunga cheklanadi Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi Toshkentdagi International mehmonxonasi 26 mln dollarga sotildi