Ichki ishlar vazirligi tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan Taftish.uz nashri jurnalistlari ishi tafsilotlarini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, “Elita-media” MCHJ tarkibiga kiruvchi Taftish.uz nashri vakillari jinoiy guruh tuzib, muntazam ravishda tovlamachilik va firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan. Uning tarkibiga quyidagilar kiradi:
- guruh yetakchisi, Taftish.uz nashrining norasmiy rahbari G‘ayrat Aberayev;
- guruh a’zolari — Azizjon Yo‘ldoshev, Sardor Hamidov, Marjona Eshquvvatova va Dilshod Nishonovlar muxbirlik lavozimlarida ishlagan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tahririyat jinoiy faoliyatni daromad manbaiga aylantirganini aniqladi. Ular fuqarolarni chalg‘itishdan tashqari, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi videolarni tarqatish bilan tahdid qilgan yoki allaqachon e’lon qilingan videolarni o‘chirib tashlash uchun pul talab qilgan.
Shu tariqa, ular bir tomondan murojaatlarni “yoritish” uchun mablag‘ olgan bo‘lsa, boshqa tomondan tayyorlangan materiallarni o‘chirish uchun pul talab qilgan, — deyiladi xabarda.
Yo‘ldoshev va Nishonov rahbarning topshirig‘iga ko‘ra, 2025-yil noyabr oyida bozor ma’muriyati va u yerdan do‘kon sotib olgan fuqaro o‘rtasidagi nizo yuzasidan “Chilonzor buyum savdo kompleksi” rahbariyatini obro‘sizlantiruvchi videomaterial tayyorlagan. 5-dekabr kuni video Taftish.uz’ning YouTube’dagi kanaliga joylashtirildi.
IIVning qo‘shimcha qilishicha, tadbirkor va bozor ma’muriyati o‘rtasidagi mojaro allaqachon sud tomonidan ko‘rib chiqilgan va u bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilingan. Taftish.uz vakillari bu haqda bilgan, biroq ariza beruvchidan mukofot evaziga vaziyatni bir tomonlama va noto‘g‘ri yoritgan. Shundan so‘ng, G‘ayrat Aberayev guruh a’zolaridan biri Sardor Hamidov orqali bozor ma’muriyati bilan bog‘lanib, videomaterialni o‘chirish uchun 40 mln so‘m talab qilgan. Buning evaziga u Telegram-kanaliga videodagi ma’lumotlar tasdiqlanmagani haqida xabar joylashtirishga va’da berdi.
Tovlamachilik faktini niqoblash uchun bozor ma’muriyati Taftish.uz bilan 40 mln so‘mlik shartnoma tuzishga majbur bo‘lgan. Ijro S.Hamidovga topshirildi, uning bank kartasiga talab qilingan summadan 10 mln so‘m o‘tkazildi.
IIVda yana bir holat haqida ma’lumot berildi. 2025-yil noyabr oyida Marjona Eshquvvatova, Azizjon Yo‘ldoshev va Dilshod Nishonov bir tomonning mukofoti evaziga Black plast qurilish kompaniyasining Samarqand viloyatidagi faoliyati haqida xayoliy tafsilotlar bilan videomaterial tayyorlab, Taftish.uz YouTube kanaliga joylashtirgan.
Ular yana ikkita videoni tarqatish bilan qo‘rqitib, kompaniya direktori X.To‘rayevni Taftish.uz ofisiga chaqirib, ikki tadbirkor o‘rtasida ilgari tuzilgan 20 mlrd so‘mlik shartnoma bo‘yicha go‘yoki qarzdorlik borligini bahona qilib, bir oy ichida yana 20 mlrd so‘m to‘lash majburiyati haqida tilxat yozdirishgan.
Tadbirkor ishbilarmonlik obro‘sini saqlab qolish uchun katta to‘lovlarga osongina rozi bo‘lganidan xursand bo‘lgan guruh a’zolari qo‘shimcha 60 mln so‘m talab qilib, mablag‘larning noqonuniy kelib chiqishini yashirish uchun uni Taftish.uz bilan ko‘rsatilgan summaga shartnoma tuzishga majbur qilishgan.
Tadbirkor belgilangan muddatda pulni to‘lay olmagach, Eshquvvatovaning tahdididan so‘ng Yo‘ldoshev va Nishonov o‘z kanallarida obro‘sizlantiruvchi materiallarni tarqatgan. Nochor ahvolda qolgan tadbirkor 8-yanvar kuni videoni o‘chirib tashlagani uchun guruh a’zolaridan birining bank kartasiga 30 million so‘m, 12-yanvar kuni esa yana 30 million so‘m o‘tkazgan.
Dilshod Nishonov 2025-yil 9-oktyabr kuni Namangan viloyati Chust tumanida Yusupovlar va Tumorovlar oilasi o‘rtasida kelib chiqqan mojarodan xabar topib, jinoyat ishi materiallariga aralashib, tomonlardan birining haq evaziga Tumorovlar oilasining sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi yolg‘on ma’lumotlarni to‘plagan. U o‘z kanalida ketma-ket 10 kun davomida 18 ta videorolik tayyorlab tarqatgan.
Ushbu harakatlari — yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish va fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish — uchun u 2025-yil 10-noyabrda Pop tuman sudining qarori bilan MJtKning 461-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramay, Dilshod Nishonov sud binosidan chiqib, Tumorovlar oilasi tomon yo‘l olgan va yana ikkita videolavhani tarqatish bilan tahdid qilib, ilgari e’lon qilingan 18 ta videoni 300 dollar evaziga o‘chirib tashlashni va’da qilgan va keyinchalik olgan, biroq va’dasini bajarmagan. Shundan so‘ng, u Azizjon Yo‘ldoshev bilan birgalikda harakat qilib, qo‘shimcha 1,8 mln so‘m talab qilgan.
Jazosiz qolayotganini his qilgan Nishonov va Yo‘ldoshev jabrlanuvchini jinoiy daromadlarni yashirish uchun Taftish.uz bilan yana shartnoma tuzishga majburlab, videomateriallarni o‘chirib tashlagani uchun 16 mln so‘m to‘lashga rozi bo‘lishga majburlagan, — deya qo‘shimcha qildi IIV.
Hozirda ushbu jinoiy guruh a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat), 168-moddasi (firibgarlik), 165-moddasi (tovlamachilik) va 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganliklari aniqlangan. Ularning barchasi hibsga olingan.
Yuqoridagi shaxslarning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentiga 71 231 40 66 telefon raqami orqali murojaat qilish so‘ralgan.




















