24 Sentabr 2024, 15:17 Oʻzbekiston

Hududlarda yerni noqonuniy sotishga uringanlar qo‘lga olindi

DXX o‘tkazgan reydlar davomida 4 ta viloyatda yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi.

Hududlarda yerni noqonuniy sotishga uringanlar qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati hududlarda reyd tadbiri oʻtkazib, Namangan, Xorazm, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlarini aniqladi. Telegram’dagi Xavfsizlik kanali tezkor tadbirda olingan lavhalarni eʻlon qildi.

Xususan, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mansabdor xodimi oʻzining turmush oʻrtogʻiga dehqonchilik qilish uchun ajratib berilgan 1 gektar yerni tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishga kelishadi. U buning evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, 6900 AQSh dollari va 15 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, joriy yilning mart oyida ushbu yer maydoni mazkur mansabdor shaxsning turmush oʻrtogʻi tomonidan auksion orqali sotib olinib, aprel oyida tuman hokimligi bilan ijara shartnomasi tuzilganligi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi maʻlum boʻldi.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda Urganch tumani hokimligining xodimi 47 yoshli shaxs bilan oʻzaro kelishgan holda, aldov yoʻli bilan xaridorning ishonchiga kirishadi. Xususan, unga tuman hokimining 2018-yildagi qaroriga muvofiq, maishiy xizmat koʻrsatish obektlari qurish maqsadida boshqa bir fuqaroga ajratib berilgan, biroq, tasdiqlash uchun viloyat hokimining qarori chiqarilmasdan va tegishli tartibda kadastr xujjatlari ishlab chiqilmasdan, davlat roʻyxatiga kiritilmay qolgan 1 gektar yer maydonida yengil tipdagi kottejlar qurish mumkinligini aytishadi.

Shuningdek, tuman hokimining 2018-yildagi qarorini joriy yilda qabul qilingan “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʻtirof etish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiqlashtirib berishni maʻlum qilishadi. Gumonlanuvchilar xizmati evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi boʻlgan, kadastr va arxitektura faoliyati bilan shugʻullanuvchi xususiy firma rahbari ham ushbu pul mablagʻidan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi.

Navoiy viloyatining Gʻozgʻon shahar kadastr boʻlimi boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumani hududida joylashgan va davlat zaxirasida boʻlgan 1 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qilgani maʻlum boʻldi. U oldindan 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi 50 yoshli fuqaro oʻzining turmush oʻrtogʻi nomidagi fermer xoʻjalikka chorva ozuqa ekinlari ekish uchun ijara shartnomasi asosida ajratib berilgan 5,33 gektar yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 80 ming AQSh dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar