O‘zbekiston

“Harbiy to‘qnashuv ham turgan gap edi”: sobiq TIV rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlarining 2016-yildagi munosabatlari haqida

Abdulaziz Komilov so‘nggi yillarda ko‘plab murakkab, og‘ir va nozik masalalar hal qilinganini aytdi.

“Harbiy to‘qnashuv ham turgan gap edi”: sobiq TIV rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlarining 2016-yildagi munosabatlari haqida

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari, hozirda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Komilov “Ishonch” nashriga bergan intervyusida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda biz sodir bo‘layotgan mojarolarning oqibatlarini oldindan aytib bo‘lmaydigan tashvishli dunyoda yashayapmiz. So‘nggi paytlarda Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib, kuzatuvchilarni yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqidagi savolga tortmoqda.

“Shuning uchun biz doim qo‘shnilar bilan aloqalarni rivojlantirishimiz kerak, mana shunaqa xavflarning oldini olishga ham tayyor bo‘lishimiz kerak. Boshqa mintaqani olsak, masalan Yaqin Sharqda qancha muzokaralar bo‘ldi, uchrashuvlar bo‘ldi, xalqaro maydonda qancha davlatlar ishtirok etdi, shunga qaramay har kuni 10-100 odamlar vafot etyapti”, — dedi Komilov.

Uning ta’kidlashicha, Ikkinchi jahon urushidan keyin sobiq Sovet Ittifoqi hududida birorta ham yirik qurolli mojaro bo‘lmagan, ammo zamonaviy dunyoda turli xil qurollardan foydalanadigan ko‘plab mojarolar mavjud.

“Bitta savol tug‘iladi: mana shu to‘qnashuvlarda, qarama-qarshiliklar kimlar orasida sodir bo‘lyapti? Aksariyati qo‘shni davlatlar orasida. O‘zimizning vaziyatni bir eslab o‘tmoqchi edim. 2016-2017-yillarda biz qo‘shni davlatlar bilan aloqalar keskinlashib ketganda, shu bitta xavfli nuqtaga taqaldik. Agar mana shu vaziyat o‘sha shaklda davom etganida, harbiy to‘qnashuv ham turgan gap edi. Shuni inobatga olib, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganlarida Markaziy Osiyo tashqi siyosatda bizning ustuvor yo‘nalishimiz bo‘ladi, deb belgiladi.

Nima uchun? Nega deganda ko‘p muammolar yig‘ilib qoldi. Ochig‘ini aytish kerak, bunga qo‘shimcha o‘zimiz ham o‘z qo‘limiz bilan boshqa muammolarni ham yaratdik. Agar bular hal bo‘lmaganda, keskinlashib ketganda, juda bir yomon oqibatga olib kelardi”, — deya qayd etdi Abdulaziz Komilov.

Prezident tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan muntazam maslahat uchrashuvlari boshlandi. So‘nggi 6-7 yil ichida ko‘plab murakkab, og‘ir va nozik masalalar hal qilindi.

“Toshkentda shu yil kuzda Markaziy Osiyo davlatlarining yettinchi sammitini o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Bugun Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro maydonda huquqiy sub’yekt bo‘lib o‘zini namoyish qilyapti”, — dedi Abdulaziz Komilov.

Avvalroq O‘zbekiston dunyoning eng xavfsiz davlatlari reytingida 26 pog‘onaga ko‘tarilgani haqida xabar berilgandi. Mamlakat Markaziy Osiyo yetakchisidan bir pog‘ona pastga tushib qolgan.

Izohlar

Mavzuga oid